Pillakorlar daromad va ijtimoiy soliqlardan ozod qilindi
Jamiyat
−
10 may
3743Pillaning xarid narxi pastligi uchun pillakorlarda manfaatdorlik past. Bu haqda bugun, 10 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida charm va ipak sanoatida mavjud imkoniyatlarni ishga solish, joylarda Sayxunobod tajribasi asosida aholi bandligini ta’minlash masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida so‘z ochildi.
Bildirilishicha, pillakorlarda manfaatdorlik pastligi sababli ipakchilikni rivojlantirish bo‘yicha imzolangan Prezident farmoni bilan pilla xarid narxi 25 foizga oshirilgan. Pillakorlar daromad va ijtimoiy soliqlardan ozod qilingan, tutzorlar uchun yer solig‘ining 10 foizi to‘lanadi.
Mutasaddilar va hokimlarga yangi tutzorlar tashkil qilsa bo‘ladigan 105 ming gektar yer ajratish topshirildi. Bu yerlar lotlarga bo‘linib, auksionda beriladi, auksiondagi yerning boshlang‘ich narxi 10 foiz etib belgilanadi.
Shuningdek, yig‘ilishda ipak olishning muqobil usullarini yo‘lga qo‘yish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi. Masalan, Xitoyda kanakunjut qurtini parvarishlab, ipak olish keng yo‘lga qo‘yilgan. Bu yangi yo‘nalishni O‘zbekiston iqlim sharoitidan kelib chiqib tatbiq qilish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligiga kanakunjut o‘simligi va qurti urug‘larini olib kelib, Ipakchilik institutida sinov ishlarini boshlash topshirildi. Umuman, hokimlar va soha mutasaddilariga pilla mavsumini sifatli tashkil etib, hosil yo‘qotishsiz yig‘ib olinishini ta’minlash bo‘yicha qator topshiriqlar berildi.
Sohaga ipak qurtini parvarishlash, kasallikdan saqlash agrotexnikasi va innovatsiyalari kirib kelmagani hisobiga urug‘dan pilla olishda yo‘qotishlar saqlanib qolayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, dunyoda ipak mahsuloti importining 45 foizi to‘g‘ri kelayotgan Yevropa bozoriga chiqish muhimligi qayd etildi. Ta’kidlanishicha, eksportda ipakdan tayyor mahsulot ulushini, jumladan, pillani chuqur qayta ishlab, tayyor ipak mahsulotlari, mato va uy tekstili ishlab chiqaradigan quvvatlarni ko‘paytirish zarur.
Qayd etilishicha, pillachilik uchun ozuqa bazasi bo‘lgan tutzorlarda yangi navli hosildor tut ekishni kengaytirish muhim. Bildirilishicha, mamlakatdagi 1 million gektarga yaqin paxta maydoniga bir-ikki qatordan tut ekilsa, 50-60 ming tonna ozuqa zaxirasini shakllantirish mumkin.
LiveBarchasi