Peskov Rossiya qo‘shinlarini nega Ukraina chegarasiga joylashtirganini aytdi
Olam
−
17 yanvar 2022
23161Rossiya qo‘shinlari Ukraina chegaralari yaqinida, ammo keskin vaziyat va NATO harakatlari tufayli Rossiya hududida qolmoqda. Bu haqda kecha, 16 yanvar kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov CNN telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Rossiya Federatsiyasi hududida, Ukraina chegarasiga yaqin joyda Rossiya qo‘shinlari bor. Biz o‘ta keskin vaziyat tufayli qo‘shinlarni u yerda saqlashni zarur deb hisoblaymiz”, degan Peskov.
Peskov mintaqada NATO samolyotlarining parvozlari kuzatilayotganini, alyans infratuzilmasi Rossiya chegaralari tomon harakatlanayotganini qo‘shimcha qildi.
“Biz javob berishimiz, ehtiyot choralarini ko‘rishimiz kerak, shuning uchun harbiylarimiz bizning hududimizda”, deya qo‘shimcha qilgan Rossiya rahbari matbuot kotibi.
Eslatib o‘tamiz, bir necha kun avval Oq Uy Matbuot kotibi Jen Psaki Rossiya qachon Ukraina hududiga bostirib kirishi haqida ma’lum qilgan edi. Unga qo‘ra, Moskva joriy yil yanvar-fevral oylarida hujum qilishni ko‘zlamoqda.
“Biz Rossiya hukumati bosqinga tayyorgarlik ko‘rayotganidan xavotirdamiz. Biz buni avval ham ko‘rganmiz va bu bizni 2014 yilga, jumladan, Ukrainani mamlakat sharqidagi Rossiya kuchlariga qarshi hujumlar uyushtirishda ayblash uchun sabotaj va axborot operatsiyalariga qaytaradi. Rossiya harbiy rejalari yanvar va fevral o‘rtalarida boshlanishi mumkin bo‘lgan harbiy bosqindan bir necha hafta oldin bunday faoliyatni boshlashdan iborat”, degan Psaki.
Bunga javoban Rossiyaning Vashingtondagi elchixonasi Oq uyning Ukrainaga bosqin uyushtirish vaqti haqidagi bayonotini soxta va axborot bosimi deya atagan.
LiveBarchasi