Futbol klubi 1000 ta homiyni jamoa formasiga sig‘dirdi

Sport

image

Peruning “Deportivo Munisipal” klubi moliyaviy muammolarni yengish maqsadida 1000 ta homiy bilan shartnoma imzoladi va ularni klub formasiga sig‘dirdi. Bu haqda “Lions Daily News” nashri xabar berdi.

Klub erkaklar jamoasining uchinchi diviziondagi ishtiroki, ayollar jamoasining ikkinchi diviziondagi faoliyati hamda futbol akademiyasini rivojlantirish uchun mablag‘ yig‘ish maqsadida yangi reklama loyihasini ishga tushirdi.

Tashabbusga ko‘ra, futbolkaning odatdagi yirik reklama joylari o‘rniga uning yuzasi 1000 ta kichik reklama maydoniga bo‘lindi. Ushbu joylarni mahalliy kompaniyalar, kichik tadbirkorlar va hatto oddiy muxlislar ham sotib olish imkoniga ega bo‘ldi. Reklama joylarining narxi 25 yevrodan 150 yevrogacha belgilandi.

Evaziga homiylar klubning ijtimoiy tarmoqlarida reklama qilish, chiptalar va rasmiy mahsulotlarga chegirmalardan foydalanish, shuningdek, o‘z biznesini futbolchilar orqali targ‘ib qilish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.

Natijada klub qisqa vaqt ichida 1000 nafar homiyni jalb qildi. Barcha reklama joylari 3 oy davomida to‘liq sotildi. Yig‘ilgan mablag‘ esa klubning bir yillik xarajatlarini to‘liq qoplashga yetarli bo‘ldi.

Loyiha McCann Lima agentligi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan bo‘lib, 2026 yil yozida reklama va kreativ marketing sohasidagi dunyodagi eng nufuzli tanlovlardan biri – Cannes Lions 2026 festivalida bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing