Pentagonning maxfiy hujjatlari internetda tarqalishi ortida Rossiya turibdimi?
Olam
−
09 aprel 2023 15482 2 daqiqa
Ukraina, Xitoy va Yaqin Sharqdagi AQSH siyosati haqidagi 100ta maxfiy hujjatning internetda tarqalishi ortida Rossiya turgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda masala nozikligini hisobga olib, anonimlik sharti bilan gapirgan AQSHning uch nafar rasmiysiga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, hujjatlarda Rossiya kuchlari qurbonlari soni kamaytilganini ko‘rish mumkin.
“Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan hujjatlardan birida aytilishicha, Rossiyaning 2022 yil 24 fevral kuni Ukrainaga bostirib kirishidan buyon 16-17 ming rossiyalik halok bo‘lgan. Qo‘shma Shtatlar haqiqiy ko‘rsatkich ancha yuqori, ya’ni 200 mingga yaqin rossiyalik halok bo‘lgan va yaralangan deb hisoblaydi”, deydi rasmiylar.
Ukraina kuchlari 2022 yil boshida Rossiyaning Kiyevga qilgan dastlabki yurishini qaytardi va Moskva “maxsus harbiy operatsiya” deb ataydigan mojaro sharqiy va janubiy frontdagi urushga aylandi. Urushning ikkinchi yilida Kiyev va Moskva qanday hujum uyushtirishi mumkinligi haqida mish-mishlar kuchaymoqda. Oshkor qilingan hujjatlar ham Kiyevning urush rejalari haqida aniq ma’lumot bermasligi mumkin.
AQSH Adliya vazirligi Pentagon bilan aloqada bo‘lganini va maxfiy hujjatlarning sizib chiqishi bo‘yicha tekshiruv boshlaganini ma’lum qilgan.
Ukraina tomoni esa sizib chiqqan hujjatlar “juda katta hajmdagi xayoliy ma’lumotlarni” o‘z ichiga oladi va u Ukrainaning rejalashtirilgan qarshi hujumiga shubha uyg‘otish uchun Rossiyaning dezinformatsion operatsiyasining bir qismi, deb hisoblamoqda.
“Bular rus razvedkasi tomonidan operativ o‘yinlarning standart elementlari, xolos. Va bundan boshqa hech narsa yo‘q”, degan Ukraina Prezidentining maslahatchisi Mixail Podolyak.
Eslatib o‘tamiz, AQSHning Ukraina, Yaqin Sharq va Xitoyga nisbatan siyosatining asl sabablarini ochib beruvchi jami yuzga yaqin maxfiy hujjat internetga sizdirilgandi. Unda havo hujumidan mudofaa tarmog‘ini yaratish rejasi, shuningdek, AQSH va uning ittifoqchilari tomonidan Kiyevga qarshi hujumga tayyorgarlik ko‘rishda qanday yordam berilayotgani haqidagi ma’lumotlar ham ochiqlangan. Hujjatlarda kutilayotgan qurol-yarog‘ yetkazib berish jadvallari, qo‘shinlar va batalon kuchlari fotosuratlari ham mavjud edi.
Live
Barchasi