Pentagon yuzlab generallarni shoshilinch yig‘ilishga chaqirdi – WP
Olam
−
27 Sentabr 2025 9223 2 daqiqa
AQSH Mudofaa vaziri Pit Xegset yuzlab amerikalik generallar va admirallarni zudlik bilan AQSHga chaqirtirdi. Ular Virjiniyadagi AQSH dengiz piyodalari bazasida yig‘ilib, Xegsetning qisqa nutqini tinglashi kerak bo‘ladi. Nutq harbiy standartlar va “jangovar ruh” haqida bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda kecha, 26 sentyabr kuni “The Washington Post” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, butun dunyoning turli nuqtalaridan keladigan yuqori lavozimli zobitlar bu chaqiruvdan hayrat va xavotirga tushgan. Bazaga barchasi – brigada generali va kontr-admiraldan yuqori unvonga ega bo‘lgan komandirlar, shuningdek ularning katta maslahatchilari ham kelishi kerak. Faqat juda kam hollarda, yuqori qo‘mondonlik ruxsati bilan bundan istisno qilinishi mumkin.
Manbalardan birining aytishicha, Xegset generallarni ko‘rishni istagan va bu to‘g‘ridan to‘g‘ri suhbat orqali bo‘lishi kerak. Hozirda AQSHning o‘zida va o‘nlab davlatlarda qariyb 800 nafar general va admiral faoliyat yuritmoqda.
CNN xabariga ko‘ra, yig‘ilishda Xegset Mudofaa vazirligini Urush vazirligiga aylantirish, askarlar uchun yangi standartlar belgilash va yangi qurolli kuchlarning qiyofasini namoyish qilish rejasini tushuntiradi. Oq uy vakili buni “kuch namoyishi” deb atagan.
Uchrashuv “ruhlantiruvchi miting” tarzida o‘tishi kutilmoqda. Unda jangovar ruh, jangovar tayyorgarlik, jismoniy va boshqa talablar bo‘yicha yangi me’yorlar taqdim etiladi. Pentagon vakilining so‘zlariga ko‘ra, bu “otlarni otxonaga haydab, ularni intizomga keltirish”ga o‘xshash bo‘ladi. Xegset esa yulduzli epaulet kiygan zobitlarni o‘z safida ko‘rishni istaydi, aks holda ularning karerasi xavf ostida qolishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqchi.
Xegsetning nutqi yozib olinib, keyinchalik e’lon qilinishi rejalashtirilgan. Oq uy esa uni kengroq shaklda tarqatishni xohlamoqda. Generallarni yig‘ish qarori Xegset jamoasining yuqori harbiy qo‘mondonlikni qayta tuzish rejalari fonida qabul qilingan. Vazir ilgari generallar sonini 20 foizga qisqartirish, ayrim yuqori lavozimdagilarni hech qanday sabab ko‘rsatmasdan ishdan bo‘shatish va Mudofaa vazirligini Urush vazirligi deb qayta nomlash tashabbusini bildirgan.
AQSH Prezidenti Donald Tramp va vitse-prezident Jey Di Vens bu uchrashuvni oddiy voqea sifatida baholab, zarurat bo‘lsa o‘zlari ham qatnashishini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp mamlakat Mudofaa vazirligini Urush vazirligi deb qayta nomlash to‘g‘risidagi farmonni imzolagani haqida xabar berilgan edi. Hujjatga ko‘ra, AQSH Mudofaa vaziri Pit Hegset endi “Urush vaziri” unvonidan foydalanishi mumkin bo‘ladi. Pentagon rahbarining so‘zlariga ko‘ra, idora nomini o‘zgartirish “so‘z emas, balki harbiy etikani tiklashdir”.
Live
Barchasi