Pentagon yadroviy qurollar bo‘yicha yakuniy pozitsiyasini e’lon qildi

Olam

image

AQSH Mudofaa vazirligi dunyodagi barcha yadroviy qurollarni to‘liq yo‘q qilish tarafdori, ammo bunga to‘sqinlik qiluvchi omillar mavjudligini tan oldi. Bu haqda AQSH Mudofaa vaziri o‘rinbosari Kolin Xal BMTdagi chiqishi chog‘ida ma’lum qildi, deb xabar berdi Pentagon matbuot xizmati.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma maqsadlari sari olg‘a siljishga to‘sqinlik qilmoqda.

“Hozirgi xavfsizlik muhitidagi qiyinchiliklarga qaramay, Qo‘shma Shtatlar yadroviy xavflarni kamaytirish uchun imkon qadar boshqa yadroviy qurolga ega davlatlar bilan hamkorlik qilishda davom etadi va biz buni real umidlar bilan qilamiz”, degan u.

Rasmiyning ta’kidlashicha, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli hujum va Moskvadan kelayotgan yadro tahdidlari yadroviy qurolsizlanishga xalaqit bermoqda.

Shuningdek, u yadro qurolini tarqatmaslik masalasiga Xitoy tomonidan yadro qurolini modernizatsiya qilish va kengaytirish, Eron tomonidan yadro qurolini ishlab chiqish va Shimoliy Koreya tomonidan yangi yadro sinovini tayyorlash orqali bosim o‘tkazilayotganini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, 6 avgust kuni Xitoy Pelosining Tayvanga safari tufayli AQSH bilan muloqotni to‘xtatganini ma’lum bo‘ldi. Pekin AQSH Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosiga ham sanksiyalar kiritdi.

Bu qadamlar ortidan Pentagon Xitoy yadro salohiyatini 3-4 barobar oshirayotganini e’lon qildi.

Nensi Pelosi 2 avgust kuni kechqurun Taypeyning Sonshan aeroportiga yetib keldi va orolda bir kun ham bo‘lmay, bugun, 3 avgust kuni qaytib ketdi. Bu AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikerining 1997 yildan beri orolga qilgan ilk safari bo‘ldi. Pelosi Tayvanda orol ma’muriyati rahbari Say Ingven bilan uchrashdi.

Bu voqea AQSH va Xitoy munosabatlarini taranglashtirdi. Rasmiy Pekin Pelosi kelishidan oldin Tayvan yaqinida harbiy mashg‘ulotlar boshlagandi. Tashrifdan keyin esa orol atrofida bir qancha hududlarda mashg‘ulotlarga start berildi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi siyosatchining tashrifiga keskin norozilik bildirdi va uni qoraladi. Uning safari “Yagona Xitoy” tamoyili va uchta Xitoy-AQSH kommyunikelari qoidalarini jiddiy ravishda buzishi urg‘ulandi. Pekin, shuningdek, Vashingtonni Xitoyni nazorat qilish uchun Tayvandan foydalanishni to‘xtatishga chaqirdi. Bundan tashqari, diplomatik departament mamlakat suverenitetini himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishiga ishontirdi.

Oq uyning fikricha, Pelosining Tayvanga tashrifi Xitoy suverenitetini buzmagan, AQSH ma’muriyati esa “o‘zini qo‘rqitishga yo‘l qo‘ymasligiga” ishontirgan. Amerika rasmiylari mintaqada keskinlikning kuchayishiga hech qanday sabab yo‘qligini ta’kidlamoqda.

Kreml Pelosining safarini mintaqadagi keskinlikni kuchaytiruvchi provokatsiya deb atadi. Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov dunyoning barcha davlatlari buni qayd etayotganiga e’tibor qaratdi va Rossiyaning Xitoy bilan birdamligini qayd etdi.

Xitoy harbiylari Pelosi tashrifidan keyin shay holatga keltirildi. Armiya Tayvan atrofidagi bir nechta nuqtada harbiy mashg‘ulotlar boshladi.

Tayvan va AQSH munosabatlari

Tayvan 1949 yilda Chan Kayshi (1887-1975) boshchiligidagi Gomindan qo‘shinlarining qoldiqlari Xitoy fuqarolar urushida mag‘lubiyatga uchragach, orolga qochib ketganidan beri o‘z ma’muriyati tomonidan boshqariladi. O‘shandan beri Tayvan kommunistlar hokimiyatga kelishidan oldin materikda mavjud bo‘lgan sobiq Xitoy Respublikasi bayrog‘i va boshqa atributlarini saqlab qolgan.

Qo‘shma Shtatlar 1979 yilda Tayvan bilan diplomatik aloqalarni uzib, ularni XXR bilan o‘rnatgan. Vashington “yagona Xitoy” siyosatini tan olish bilan birga, ayni paytda Taybey ma’muriyati bilan aloqalarni davom ettirmoqda va orolga qurol yetkazib bermoqda. 2020 yilda AQSHning avvalgi Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Gonkongdagi vaziyat tufayli Pekin bilan munosabatlarning keskinlashuvi fonida Tayvan bilan aloqa va almashinuvlarni sezilarli darajada faollashtirdi, bu esa XXR rasmiylarining noroziligiga sabab bo‘ldi. 

AQSH Tayvanning asosiy qurol yetkazib beruvchisidir. Joriy yilning aprel oyida Davlat departamenti Patriot zenit-raketa tizimlariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 95 million dollarlik shartnomani ma’qulladi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Pentagon yadro quroli

Baholaganlar

123

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing