Pentagon rahbari maxfiy hujjatlar tarqalishiga qarshi choralarni kuchaytirishni buyurdi

Olam

doc_2023-04-14_18-58-20

AQSH Mudofaa vaziri Lloyd Ostin o‘z bo‘limiga yangi hujjatlar sizib chiqishining oldini olish uchun mamlakat razvedka ma’lumotlariga kirish dasturini tekshirishni buyurdi. Bu haqda mamlakat Mudofaa vazirligi rasmiy sahifasida e’lon qilingan bayonotda keltirilgan.

“Vazir sifatida men mamlakatimiz sirlarini himoya qilish uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha choralarni ko‘rishdan tortinmayman. Men Mudofaa vazirining razvedka va xavfsizlik bo‘yicha o‘rinbosariga bunday hodisalarning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun vazirlikdagi razvedka ma’lumotlariga kirish, javobgarlik va nazorat tartib-qoidalarini tekshirishni topshiraman”, deyiladi Ostinning bayonotida. 

Pentagon hujjatlarining internetga sizdirilishida gumondor sifatida 21 yoshli AQSH Harbiy havo kuchlari milliy gvardiyachisi Jek Teysheyra qo‘lga olingan. Ushbu masala yuzasidan tergov davom etmoqda. 

AQSH Mudofaa vaziri, shuningdek, Adliya vazirligi va AQSH federal tergov byurosiga Pentagon hujjatlarining oshkor qilinishiga aloqadorlikda gumon qilingan shaxsni tezda hibsga olgani uchun minnatdorchilik bildirgan. 

Lloyd Ostin o‘z bayonotida AQSHning har bir harbiy xizmatchisi, Mudofaa vazirligi xodimi va maxfiy ma’lumotlarga ega bo‘lgan har bir kishi uning xavfsizligini kafolatlashi va unga nisbatan har qanday shubhali qadam haqida xabar berishi kerakligini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta Pentagonning 50 dan ortiq “maxfiy” va “o‘ta maxfiy” grifi ostidagi hujjatlari internet tarmog‘iga sizdirildi. Ushbu hujjatlardan Ukrainada davom etayotgan urush tafsilotlaridan iborat taqdimotlar ham o‘rin olgan. Unda jumladan, Ukrainaning havo hujumidan mudofaa tizimi may oyiga borib S-300 va Buk tizimlarining snaryadlari tugashi ortidan inqirozga uchrashi va oqibatda Ukraina Rossiyaning havo hujumlari oldida ojiz qolishi mumkinligi bashorat qilingan.

Shuningdek, unda AQSHning Janubiy Koreyadan Ukraina uchun artilleriya snaryadlarini yuborishi haqidagi talabi ham yozilgan

Bundan tashqari, hujjatlarda “Vagner” guruhining faoliyati, Yaqin Sharq, Afrika, Janubiy Amerika kabi hududlarga aloqador razvedka ma’lumotlari ham mavjud. 

Ma’lumot uchun, bu AQSH Mudofaa vazirligining maxfiy hujjatlari birinchi marta oshkor bo‘lib qolishi emas. 2020 yilning yozida ham Pentagonning maxfiy hujjatlari sizdirilgan. Ularda O‘zbekistonning Qarshi-Xonobod aviabazasida 2001-2005 yillar davomida xizmat qilgan amerikalik harbiylarning zaharli moddalar va radiatsiya ta’siriga tushgan bo‘lishi ehtimoli ochiqlangan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Pentagon maxfiy hujjatlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing