Pentagon hujjatlarini oshkor qilgan amerikalik 15 yilga qamaldi
Olam
−
13 noyabr
2597Ukrainadagi urush haqidagi maxfiy harbiy hujjatlarni oshkor qilishda ayblangan AQSH Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchisi Jek Teysheyra 15 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda AQSH Adliya vazirligi bayonotida ma’lum qilindi.
AQSHning 22 yoshli harbiy IT-mutaxassisi Jek Teysheyra o‘z mamlakatining milliy mudofaasi to‘g‘risidagi maxfiy ma’lumotlarni, shu jumladan Ukrainadagi urushga oid maxfiy saqlangan harbiy hujjatlarni oshkor qilgani uchun 15 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Massachusets Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchisining hukmi joriy yilning 12 noyabr kuni federal sudya tomonidan e’lon qilingan. Sudda Teysheyra hukmga hech qanday e’tiroz bildirmagan.
“Jek Teysheyra internetdagi anonim do‘stlarini hayratda qoldirish uchun ijtimoiy tarmoqlarda milliy mudofaa haqidagi maxfiy ma’lumotlarni bir necha bor baham ko‘rdi”, dedi Adliya vaziri Merrik Garland.
Tuman prokuroriga ko‘ra, u AQSHning ittifoqchilari bilan munosabatlarini buzgan.
2024 yil mart oyida, hibsga olinganidan deyarli bir yil o‘tgach, Jek Teysheyra josuslik to‘g‘risidagi qonunga binoan “milliy mudofaa ma’lumotlarini qasddan saqlash va uzatish” bo‘yicha oltita ayblovda ham o‘z aybini tan olgan.
AQSH rasmiylariga ko‘ra, Teysheyra birinchi marta 2022 yil oktyabr oyida maxfiy ma’lumotlarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Isroilda “yahudiy davlatining G‘azo sektoridagi harbiy maqsadlariga erishishiga to‘sqinlik qilishi mumkin bo‘lgan” razvedka ma’lumotlarini oshkor qilganlikda gumon qilinganlar hibsga olingandi.
Muhammad Hodiyev
LiveBarchasi