Pensiya uchun fuqarolardan qog‘oz hujjatlarni qabul qilish to‘xtatiladi

Jamiyat

−

image

O‘zbekistonda 2027 yildan pensiya uchun fuqarolardan qog‘oz hujjatlarni qabul qilish to‘xtatiladi. Bu haqda Prezident kecha, 28 sentyabr kuni qabul qilgan “Davlat pensiya ta’minotiga oid zamonaviy xizmatlarni joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda so‘z boradi.

Qarorga  ko‘ra, pensiya ta’minotiga oid fuqarolarga ko‘rsatiladigan xizmatlar 2027 yil 1 yanvarga qadar to‘liq interaktiv va proaktiv shaklga o‘tkaziladi. Pensiya ta’minotiga oid quyidagi xizmatlar fuqarolardan alohida murojaat talab etmagan holda proaktiv shaklda ko‘rsatiladi:

  • 2026 yil 1 noyabrdan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi munosabati bilan ishsiz deb e’tirof etilgan shaxslarga umumiy belgilangan yoshdan ikki yil avval yoshga doir pensiya tayinlash;
  • 2027 yil 1 yanvardan boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini tayinlash.

2027 yil 1 yanvardan  “Mening pensiyam” onlayn xizmati doirasida pensiya yoshiga bir yil qolgan fuqarolarni oldindan xabardor qilish imkoniyati yaratiladi.
 
Qarorga ko‘ra, 2027 yil 1 yanvardan  Pensiya jamg‘armasi tomonidan fuqarolardan qog‘oz shaklidagi hujjatlar hamda ma’lumotlarni qabul qilish amaliyoti bekor qilinadi. Quyidagi xizmatlar fuqarolarning xohishiga ko‘ra, interaktiv shaklda ko‘rsatiladi:

  • 2026 yil 1 noyabrdan mehnat sharoiti zararli va og‘ir ishlarda band bo‘lgan hamda boshqa umumiy belgilangan yoshni qisqartirgan holda pensiya olish huquqi mavjud shaxslarga imtiyozli shartlarda pensiya tayinlash;
  • 2026 yil 1 dekabrdan  O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, pensiyaning boshqa turiga o‘tkazish uchun murojaat qilish;
  • 2027 yil 1 yanvardan pensiya to‘lovini naqd pul shakliga o‘tkazish va to‘xtatib turilgan pensiya to‘lovlarini tiklash.

 2026 yil 1 oktyabrdan  fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida faoliyatni amalga oshiruvchilar o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun belgilangan miqdordagi ijtimoiy soliq to‘laganda, ularga bir yil ish staji avtomatik hisoblanadi.

Shuningdek, 2027 yil 1 yanvardan  rasmiy daromadga ega bo‘lgan shaxslarga ishlamaydigan oila a’zolari ish stajiga ega bo‘lishi uchun har oyda ixtiyoriy ravishda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 12 foizi miqdorida ijtimoiy soliq to‘lash huquqi beriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 2028 yil 1 yanvardan boshlab pensiya yoshini har yili 3 oyga oshirib borgan holda 2039 yilda erkaklar uchun 63 yoshga va ayollar uchun 58 yoshga yetkazish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing