Makronning jiyani namoyishchilar tomonidan kaltaklandi. Prezident ular jazolanishini aytdi
Olam
−
17 may 2023
6929Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning rafiqasi Brijit Makronning jiyani pensiya islohotiga norozilik bildirgan namoyishchilar tomonidan qattiq kaltaklandi. Bu haqda “Euronews” nashri xabar berdi.
Shu yilning 15 may kuni Fransiyaning birinchi xonimi Brijit Makronning jiyani Jan-Batist Troniyer Prezident Makron siyosatiga qarshi namoyishchilar tomonidan hujumga uchragan.
Islandiyada bo‘lib o‘tgan Yevropa Kengashi sammitida Emmanuel Makron bu hujumni “qo‘rqoqlik, ahmoqlik va shafqatsizlik” deb qoralagan.
“Bu zo‘ravonlikka hech qanday demokratiyada o‘rin yo‘q, ayniqsa bizda. Sud, shubhasiz, hukm chiqarishi kerak. [Jabrlanuvchining] amakisi sifatida men bu xatti-harakatlarni nomaqbul deb bilaman va Respublika Prezidenti sifatida kechirmayman”, deydi Makron.
Ayni paytda hujumni uyushtirishda gumonlangan sakkiz kishi hibsga olingan.
Fransiyada pensiya islohoti
Pensiya islohoti Makronning asosiy tashabbuslaridan biridir. Unda 2030 yilgacha erkaklar va ayollarning pensiya yoshini 62 yoshdan 64 yoshga bosqichma-bosqich oshirish taklif etilmoqda. Shuningdek, 2027 yildan boshlab to‘liq pensiya olish uchun sug‘urta badallarini to‘lash, ya’ni 43 yil davomida rasman ishlagan bo‘lish kerak bo‘lgan qoida joriy etiladi. Agar bunday ish staji bo‘lmasa, 67 yoshda nafaqaga chiqqandan keyin to‘liq to‘lov uchun ariza berish mumkin bo‘ladi.
Fransiya hukumati joriy yilning yanvar oyida pensiya islohoti loyihasini taqdim etgandi. Mart oyida qonun loyihasi avvaliga parlamentning yuqori palatasi – Senat tomonidan ma’qullangan, keyin esa quyi palata – assambleyaning ma’qullashini chetlab o‘tib, hukumat tomonidan qabul qilingan. Shu bois parlamentda Vazirlar Mahkamasiga ishonchsizlik votumi bo‘yicha ikkita qaror ilgari surildi, biroq ularning hech biri kerakli miqdordagi ovozlarni ololmadi. Aprel oyida mamlakat Konstitutsiyaviy kengashi islohotning Asosiy qonunga muvofiqligini tan oldi, shundan so‘ng Makron pensiya yoshini oshirishni tasdiqlovchi hujjatni imzoladi.
Fransuzlar islohotdan noroziliklarini ko‘plab harakatlarda bildirdilar. Bunday harakatlarning eng yiriklari mart oyida bo‘lib o‘tdi. Masalan, 23 mart kuni, politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishlarda 1,1 millionga yaqin odam ishtirok etgan; "Umumiy mehnat konfederatsiyasi" kasaba uyushmalari esa 3,5 million namoyishchilar qatnashganini bildirgan.
Ibrohimjon G‘afforov
LiveBarchasi