Makronning qaroridan so‘ng Fransiyada yana to‘polon boshlandi
Olam
−
18 aprel 2023
7233Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron xalqqa murojaati chog‘ida pensiya islohoti kuzda kuchga kirishini aytdi. Shu bilan birga, Prezident jamiyat tomonidan islohot rad etilayotgani va fransuzlarning g‘azabini ko‘rayotgani hamda bunga befarq qolmasligini ta’kidladi. Uning nutqidan so‘ng mamlakatning bir qancha shaharlarida mitinglar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Le Monde” xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Parijda uchta kortej bo‘lib o‘tgan, ko‘plab odamlar ularga qozonlar bilan kelishgan va shovqun-suron ko‘tarishgan. Fransiya poytaxtidagi mitinglarda jami 2 mingga yaqin odam yig‘ildi.
Nitssada esa 200 ga yaqin odam norozilik namoyishi o‘tkazgan, ular meriya binosi yonidagi panjaralarni buzib o‘tishga uringan. Namoyishchilarga qarshi ko‘zni yoshlantiruvchi gaz qo‘llangan. Rennda 700 ga yaqin odam shahar hokimiyatiga to‘planib, ular ham qozonlarni urgan holda shovqin-suron ko‘targan.
Mitingga Marsel aholisi ham qo‘shilgan, unda ishtirokchilar soni besh yuzdan minggacha yetgan. Hokimiyat kortejni taqiqlagan, biroq odamlar baribir yig‘ilgan, ular qo‘shiq aytgan va raqsga tushgan. Nantdagi norozilik aksiyasida esa 800 dan ortiq fransuz ishtirok etgan. Lion, Ruan, Gavr, Lill va boshqa shaharlarda ham norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan.
Ma’lumot uchun, pensiya islohoti Makronning asosiy tashabbuslaridan biridir. Unda 2030 yilgacha erkaklar va ayollarning pensiya yoshini 62 yoshdan 64 yoshga bosqichma-bosqich oshirish taklif etilmoqda. Shuningdek, 2027 yildan boshlab to‘liq pensiya olish uchun sug‘urta badallarini to‘lash, ya’ni 43 yil davomida rasman ishlagan bo‘lish kerak bo‘lgan qoida joriy etiladi. Agar bunday ish staji bo‘lmasa, 67 yoshda nafaqaga chiqqandan keyin to‘liq to‘lov uchun ariza berish mumkin bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, mamlakat hukumati joriy yilning yanvar oyida pensiya islohoti loyihasini taqdim etgandi. Mart oyida qonun loyihasi avvaliga parlamentning yuqori palatasi — Senat tomonidan ma’qullangan, keyin esa quyi palata – assambleyaning ma’qullashini chetlab o‘tib, hukumat tomonidan qabul qilingan. Shu bois parlamentda vazirlar mahkamasiga ishonchsizlik votumi bo‘yicha ikkita qaror ilgari surildi, biroq ularning hech biri kerakli miqdordagi ovozlarni ololmadi. Aprel oyida mamlakat Konstitutsiyaviy kengashi islohotning Asosiy qonunga muvofiqligini tan oldi, shundan so‘ng Makron pensiya yoshini oshirishni tasdiqlovchi hujjatni imzoladi.
Fransuzlar islohotdan noroziliklarini ko‘plab harakatlarda bildirdilar. Bunday harakatlarning eng yiriklari mart oyida bo‘lib o‘tdi. Masalan, 23 mart kuni, politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishlarda 1,1 millionga yaqin odam qatnashgan; "Umumiy mehnat konfederatsiyasi" kasaba uyushmalari esa 3,5 million namoyishchilar qatnashganini bildirgan.
LiveBarchasi