Pensiya islohotiga oid Qonun ovoz bermasdan qabul qilindi. Fransuzlar “g‘azab otiga mindi” (video)

Olam

image

Fransiya Bosh vaziri Elizabet Born pensiya yoshini 62 dan 64 ga oshirish bo‘yicha Qonunni parlamentda ovoz berish yo‘lisiz qabul qildi. U mazkur harakatini konstitutsiyaning 49-moddasi 3-qismiga asoslanib amalga oshirgani, hukumatda Assambleyada ovoz berishdan qochish imkoni borligini ro‘kach qilgan. Deputatlar ushbu Qonun loyihasi uchun ovoz berishni rejalashtirishidan bir necha daqiqa oldin u qabul qilingan. Bu haqda AFP axborot agentligi xabar berdi.

O‘z o‘rnida muxolifat siyosatchilari parlamentda ushbu qarorga noroziligini namoyish etgan. Bosh vazir nutq so‘zlayotgan vaqtda uni masxara qilib, qo‘llarida bannerlarni ko‘tarib, Fransiya madhiyasi – “Marseleza” qo‘shig‘ini kuylagan.

O‘ta o‘ngchi muxolifat yetakchisi Marin Le Pen Prezident Emmanuel Makron hukumatiga ishonchsizlik bildirish taklifini kiritgan. Chap qanot partiyasi La France Insoumise yetakchisi Matilda Pano esa Twitter’da Makron mamlakatni parlament yoki noqonuniy harakatlari bilan hukumat inqiroziga olib kelganini aytgan.

Mazkur islohot so‘nggi ikki oyda qizg‘in siyosiy munozaralar va ish tashlashlarga sabab bo‘layotgan edi. Qonunning ovoz berish yo‘lisiz qabul qilinishi esa aholini yanada g‘azablantirdi va Parij politsiyasi bilan namoyishchilar to‘qnashgan. Yangi islohotga tish-tirnog‘i bilan qarshi bo‘lgan olomon Konkord maydoniga yig‘ilgan.

Minglab odamlar Parij va Fransiyaning boshqa shaharlari ko‘chalariga chiqib, davlat madhiyasini kuylab, kasaba uyushmalari bayroqlarini ko‘tarib, bu harakatni rad etishgan. Konkord maydonining o‘rtasida olov yoqilgan hamda politsiya ko‘zni yoshlatuvchi gaz ishlatgan va maydonni tozalashga harakat qilgan.

Parij politsiyasining ma’lum qilishicha, tunga yaqin 120 kishi hibsga olingan. Ammo kasaba uyushmalari pensiya o‘zgarishlariga qarshi turishga va’da bergan. General du Travail Konfederatsiyasi 23 mart kuni yana ish tashlashlar va namoyishlar o‘tkazish rejalashtirilganini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Fransiya poytaxti Parij chiqindi yig‘uvchilar va chiqindilarni yoqish zavodlari ishchilarining ish tashlashi oqibatida oziq-ovqat va boshqa chiqindilar solingan qoplarga to‘lib ketgan edi. 


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya ish tashlash Makron Elizabet Born Pensiya islohoti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing