Fransiya parlamenti Barne hukumatiga ishonchsizlik votumini qo‘llab-quvvatladi

Olam

image

Fransiya Milliy assambleyasi (parlamentning quyi palatasi) Bosh vazir Mishel Barne hukumatiga ishonchsizlik votumini ko‘pchilik ovoz bilan qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda “Le Figaro” xabar berdi.

Bunday holat 1962 yildan beri birinchi marta sodir bo‘ldi.

Ishonchsizlik votumi tufayli Bosh vazir va hukumat iste’foga chiqadi. Barne Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron navbatdagi nomzodni saylamaguncha Bosh vazir vazifasini bajaruvchi bo‘lib qoladi.

Hukumatga ishonchsizlik votumi e’lon qilish masalasi “Yangi xalq fronti” chap koalitsiyasi deputatlari va o‘ta o‘ngchi “Milliy ralli” partiyasi vakillari tomonidan ovozga qo‘yilgan. Votum uchun zarur bo‘lgan ovozlar soni 289 ta edi. Ushbu qaror uchun esa 331 deputat ovoz bergan.

Ishonchsizlik votumiga Barnening kelasi yil byudjetini parlament bilan kelishilmagan holda tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori sabab bo‘ldi. Barne parlamentdagi partiyalar bilan muzokaralar chog‘ida byudjet qonunlari uchun ovoz berishda deputatlarning ko‘pchiligining qo‘llab-quvvatlashiga umid qilib, xarajatlar va soliqlar bo‘yicha bir qator imtiyozlar bergan. Biroq, u oxir-oqibat kerakli miqdordagi ovozlarni qo‘lga kirita olmadi. 2 dekabr kuni Bosh vazir byudjetni tasdiqlash uchun Konstitutsiyada nazarda tutilgan alohida tartibni qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu byudjet to‘g‘risidagi qonunni parlamentda muhokama qilmasdan va ovoz berishsiz, hukumat taklif qilgan asl nusxada tasdiqlash imkonini beradi.

Shu paytgacha Fransiya Milliy Assambleyasi faqat bir marta hukumatni iste’foga chiqarishga muvaffaq bo‘lgan. Bu 1962 yilda, deputatlar sobiq prezident Jorj Pompidu kabinetiga ishonchsizlik votumi uchun ovoz berganda sodir bo‘lgandi. Shu bilan birga, Milliy Assambleyada hukumatga ishonch masalasi bo‘yicha ovoz berishning o‘zi ham istisno emas. 1958 yildan beri u 130 dan ortiq marta o‘tkazilgan.

Makron joriy yilning 5 sentyabr kuni 73 yoshli o‘ng markazchi siyosatchi Mishel Barneni Bosh vazir etib tayinladi. Barne o‘ng markazchi Respublikachilar partiyasining faxriysi. Siyosiy faoliyati davomida u Fransiyada ham, Yevropa Ittifoqi tuzilmalarida ham turli rahbarlik lavozimlarida ishlagan. 2016 yildan 2019 yilgacha u Buyuk Britaniya rasmiylari bilan Yevropa Ittifoqidan chiqish bo‘yicha muzokaralarga rahbarlik qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya Bosh vazir parlament Mishel' Barn'e ishonchsizlik votumi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing