Pedofillarga nisbatan jazo choralari kuchaytirildi. Tojikistonda!
Olam
−
30 noyabr 2023
4412Tojikiston parlamenti mamlakat Jinoyat kodeksiga kiritilayotgan voyaga yetmaganlarga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar uchun jazoni kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirishlarni ma’qulladi. Tegishli tuzatishlarga oid qonun davlat rahbari Imomali Rahmon tomonidan imzolandi.
O‘zgartirishlar mamlakat Jinoyat kodeksining 142-moddasiga (uyatsiz-buzuq harakatlar) taalluqli bo‘lib, ilgari ushbu modda ikki qismdan iborat edi:
1. O‘n olti yoshga to‘lmaganligi ma’lum bo‘lgan shaxsga nisbatan jinoyat alomatlari bo‘lmagan holda nomaqbul zo‘ravonlik harakatlarini sodir etish;
2. Xuddi shu harakatlar zo‘ravonlik qo‘llash yoki uni qo‘llash tahdidi bilan sodir etilgan bo‘lsa; xizmat mavqeidan foydalangan holda; ota-ona, o‘qituvchi yoki o‘qitish va tarbiyalash mas’uliyati yuklangan boshqa shaxs; o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsga yoki yaqin qarindoshiga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa – muayyan lavozimlarni egallash va (yoki) faoliyat bilan shug‘ullanish huquqidan umrbod mahrum qilinib, ikki yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Endi ushbu moddaga 3-qism qo‘shildi, unga ko‘ra:
ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan harakatlar aniq o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan ikki yoki undan ortiq shaxslarga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa, muayyan lavozimlarni egallash yoki faoliyat bilan shug‘ullanish huquqidan umrbod mahrum qilinib, besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Tojikistonda zo‘rlash yoki uyatsiz-buzuq harakatlar holatlari kamdan-kam fosh etiladi.
Jabrlanganlarning qarindoshlari ko‘pincha faktlarni yashirishadi, chunki bunday holatlar, ayniqsa, bolalar ishtirokida oshkor etilishi an’anaviy tojik jamiyatida jabrlanuvchining ham, uning ota-onasining ham ijtimoiy izolyatsiyasiga olib kelishi mumkin.
Tojikiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda mamlakatda voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy xarakterdagi 49 ta zo‘ravonlik harakati qayd etilgan. 2021 yilda esa 57 ta holat aniqlangan.
O‘zbekistondagi raqamlarga e’tibor beradigan bo‘lsak, birgina 2021 yilning o‘zida 15 yoshdan 49 yoshgacha bo‘lgan ayollarga yaqin sherigi hisoblanmagan shaxslar tomonidan 161 ta zo‘rlik sodir etilgan. 2022 yilda 469 nafar odam voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik uchun jazoga tortilgan.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida Xorazmdagi mehribonlik uyida qizlarni zo‘rlagan amaldorlarga oid jinoyat ishini apellyatsiya tartibida yangidan ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilingandi.
Hukm bilan pedofil amaldorlar – Xorazm Adliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan Masharipov va Yangiariq tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i bo‘lib ishlagan Quryazov Jinoyat kodeksining oldingi tahrirdagi 128-moddasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 1-qismi va 128-1-moddasi (o‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxsga moddiy qimmatliklar berish yoxud uni mulkiy manfaatdor etish orqali u bilan jinsiy aloqa qilish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi va Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) tartibida ularning har biriga uzil-kesil 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
LiveBarchasi