Pedofil amaldorlar ishi nega aynan apellyatsiya sudida qayta ko‘riladi?

Intervyu

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati Xorazm viloyat prokuraturasining Urganch shahridagi 1-sonli oilaviy bolalar uyi tarbiyalanuvchilarini jinsiy zo‘rlaganlikda ayblanib sudlangan Xorazm viloyat Adliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan A.Masharipov va Yangiyer tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i bo‘lgan A.Quryazovlarga yengil jazo tayinlangani holatlar yuzasidan kiritigan protestini qanoatlantirb, ushbu jinoyat ishini yangidan apellyatsiya instansiya sudida ko‘rish uchun yubordi. Bu haqda Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimov bugun, 6 aprel kuni QALAMPIR.UZ’ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“A.Masharipov va A.Quryazovlar ishi bugun, 6 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasida ko‘rib chiqildi. Xorazm viloyati prokurori kiritgan protestda apellyatsiya sudi hukmining sudlangan A.Masharipov va A.Quryazovlarga oid qismini bekor qilib, jinoyat ishini qaytadan kassatsiya tartibida ko‘rish masalasi qo‘yilgan. 

Ish kassatsiya tartibida ko‘rib chiqilib, protestdagi vajlar o‘rinli ekani e’tirof etilib, birinchi instansiya va appelyatsiya ishida tekshirilmay qolgan holatlarni qaytadan ko‘rib chiqish va tekshirish, ayblanganlarning aybi bor-yo‘qligini aniqlash, aybi bor deb topilgan taqdirda ham ularning harakatlari to‘g‘ri kvalifikatsiya qilingan-qilinmaganini, tayinlangan jazoning qanchalik adolatli ekanini aniqlash maqsadida qayta ko‘rib chiqish masalasi qo‘yilgan va ishni appelyatsiya tartibida ko‘rib chiqishga qaror qilingan”, deydi Oliy sud raisi o‘rinbosari. 

Ikromjon Muslimovning aytishicha, mazkur ishning apellyatsiya tartibida ko‘rilganining asosiy sababi sudlangan A.Masharipov va A.Quryazovlarning birinchi instansiya hukmiga e’tiroz bildirib, aybsizligini aytib yozgan arizasi bo‘lgan. Jabrlanuvchilar birinchi instansiya sudining hukmi yengilligi yoki boshqa sabab bilan apellyatsiya tartibida shikoyat keltirmagan. Shuningdek, prokuror ham sud hukmiga e’tiroz qilmagan. Apellyatsiya instansiyasi sudi keltirilgan shikoyat doirasida, ya’ni Masharipov bilan Quryazovning aybsizligi haqidagi masalani ko‘rib chiqib, “jazo to‘g‘ri tayinlangan” degan holda, hukmni deyarli o‘zgartishsiz qoldirgan. 

Biz Oliy sud raisi o‘rinbosaridan jinoyat ishi nima uchun kassatsiya instansiyasida emas balki, qaytadan apellyatsiyada tartibida ko‘rilayotgani haqida so‘radik.

“Sud tergovni o‘tkazish uchun vakolatli bo‘lgan 2 ta instansiya bor: birinchi instansiya va apellyatsiya instansiyasi. Kassatsiya instansiyasi sud tergov o‘tkazmaydi. Ular faqat huquqni tekshiradi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, shikoyat yoki protestda keltirilgan vajlarni jinoyat ishi materiyalari asosida tekshirib chiqib, shu bo‘yicha yakuniy qaror qabul qiladi. Ish yuzasidan qo‘shimcha guvohlarni so‘roq qilish, dalillar to‘plash, ekspertiza tayinlanadigan holatlarni tekshirish kassatsiya instansiyasi vakolatiga kirmaydi. Shu sababli jinoyat ishini yangitdan apellyatsiya instansiyasiga yuborib, sud tergovi o‘tkazgan holda, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish lozim bo‘ladi. 

Bir narsani aniq aytish kerak, sudlanayotgan mansabdor shaxs bo‘ladimi yoki oddiy odam qonun hamma uchun barobarligi ta’minlanishi lozim. Jinoyat ishini apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqishda aynan shu nuqtai nazardan kelib chiqishimiz kerak. Men Oliy sud raisi o‘rinbosari sifatida ish bo‘yicha sudlangan Masharipov va Quryazovlarni aybi bor yoki yo‘q, degan fikrdan yiroqaman. Bir narsani aniq aytish kerak, ularning ikkovi ham birinchi instansiya sudi hukmi ustidan aybsizligi to‘g‘risida shikoyat bilan murojaat qilishgan. Albatta, u vajlar ham tekshirilishi, mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarini ham eshitish lozim”, deydi Ikromjon Muslimov.

Pedofil amaldorlar qissasi

Eslatib o‘tamiz, kuni kecha Xorazmda viloyat Adliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan Aybek Masharipov va Yangiariq tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan Anvar Quryazov viloyat Xalq ta’lim boshqarmasiga qarashli Urganch shahridagi 1-sonli oilaviy bolalar uyi rahbari Yu.X. bilan til biriktirib, Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarini muntazam ravishda zo‘rlab kelgan. 

Holat Jinoyat ishlari bo‘yicha Xiva tuman sudida ko‘rib chiqilib, 2022 yil 6 sentyabrda hukm e’lon qilingan.

Unga ko‘ra, 1979 yilda Urganch shahrida tug‘ilgan, Xorazm viloyati Xalq ta’lim boshqarmasiga qarashli Urganch shahridagi 1-sonli oilaviy bolalar uyi rahbari bo‘lgan Yu.X. Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) 3-qismi “a” bandi, 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 2-qismi “g” bandi va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilib, 1 yilga muayyan huquqdan, ya’ni davlat ishtirokidagi korxona, tashkilot, muassasalarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq vazifalarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 5 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

1979 yilda Nukus shahrida tug‘ilgan, Xorazm viloyati Adliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan A.M. (Aybek Masharipov) va 1984 yilda Yangiariq tumanida tug‘ilgan, Yangiariq tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan A.Q. (Anvar Quryazov) Jinoyat kodeksining 128-moddasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 1-qismi va Jinoyat kodeksining eski tahrirdagi 128-1-moddasi (o‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxs bilan moddiy qimmatliklar berish yoxud mulkiy manfaatdor etish orqali jinsiy aloqa qilish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilib, ularning har biriga 1 yilu 6 oydan ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

A.M. va A.Q.ning himoyachisi hamda Yu.X. tomonidan kiritilgan apellyatsiya shikoyatlariga asosan ushbu jinoyat ishi apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqilib, Xorazm viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2022 yil 27 dekabrdagi ajrimiga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Xiva tuman sudining 2022 yil 6 sentyabrdagi hukmi bilan sudlanuvchilarga nisbatan tayinlangan jazo o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Keyinchalik Adliya vazirligi holatga munosabat bildirib, xodimning  ishdan olingani, endilikda vazirlikka aloqasi yo‘q ekanini ma’lum qildi. FVV ham o‘z xodimi o‘tgan yili tergov ishlari olib borilayotgan vaqtda egallab turgan lavozimidan ozod etilganini aytib chiqdi.

O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Komil Allamjonov pedofillarga nisbatan kimyoviy kastratsiya jazosini qo‘llash vaqti kelgani haqida ma’lum qildi. Prezident Administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha sho‘ba mudiri Saida Mirziyoyeva ushbu holatni “xavotirli” deb atab, Bosh prokuratura sinchkovlik bilan tekshiruv o‘tkazishi kerakligini ta’kidladi.

 Bosh prokuratura tomonidan Xorazm viloyatidagi holat bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha chiqarilgan sud hukmi va appelyatsiya instansiyasining ajrimlari qonuniyligi o‘rganilgan.  

29 mart kuni sudlangan A.Masharipov va A.Kuryazovlarga yengil jazo tayinlangani va boshqa holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasi sudiga protest keltirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Xorazm Pedofil amaldorlar bolalar uyi tarbiyalanuvchilari Masharipov Quryazov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing