Pavel Durov vasiyatnoma yozdi
Olam
−
20 iyun 10968 2 daqiqa
Telegram asoschisi Pavel Durov farzandlari 30 yoshga to‘lguncha uning mol-mulkidan foydalana olmasligi ko‘zda tutilgan vasiyatnomasini yozdi. Bu haqda u “Le Point” nashriga bergan intervyusida so‘zlab berdi.
Tadbirkorning tushuntirishicha, u farzandlarining “oddiy odamlar kabi yashashini” – o‘zaro ishonchni o‘rganishini, hayotlarini mustaqil ravishda qurishini va “bank hisobiga bog‘liq bo‘lmay, ijod qila olishlarini” istaydi.
“Men uchun tabiiy yo‘l bilan tug‘ilgan bolalar bilan urug‘ donorligi orqali tug‘ilganlar o‘rtasida hech qanday farq yo‘q. Ularning barchasi mening farzandlarim va teng huquqlarga ega. Men o‘limimdan so‘ng ular merosni talashishini istamayman”, deydi Pavel Durov.
Messenjer asoschisining aytishicha, uning uch nafar turmush o‘rtog‘idan olti farzandi bor, shuningdek, uning donorligi ortidan yana 12 ta mamlakatda 100 dan ortiq farzand tug‘ilgan.
Pavel Durov vasiyat yozish qarorini o‘z ish faoliyatidagi xavflar bilan izohlagan.
“Erkinlikni himoya qilish borasidagi faoliyatim ko‘plab dushmanlarni yuzaga keltiradi. Men o‘z farzandlarim va o‘zim ishlab chiqqan Telegram kompaniyasini himoya qilmoqchiman”, deydi u.
Shuningdek, Durov agar kutilmagan holat yuz bersa, Telegram boshqaruvi notijorat jamg‘armaga o‘tishini qo‘shimcha qilgan.
“Men uchun asosiy maqsad – platformaning barqaror ishlashini ta’minlashdir. U mustaqil bo‘lib qolishi va faoliyatini davom ettirishi lozim”, deydi u.
Shuningdek, Pavel Durov Telegram’ning 100 foiziga egalik qilishini ta’kidlab, hech qanday tashqi aksiyador yo‘q ekanini, bu har qanday aralashuvni istisno qilishini va mutlaq mustaqillikni ta’minlashini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Durov amerikalik jurnalist Taker Karlsonga bergan intervyusida Fransiyadagi mojaro fonida O‘zbekistonni maqtab, mamlakatga tashrif buyurgani va bundan mamnun ekanini aytgandi. Durov intervyuda Fransiyada yuz bergan hibsga olinishi voqeasini sharhlarkan, O‘zbekistonga qilgan safarini ham esga olgan. U hibsga olinishini nafaqat shaxsiy adolatsizlik, balki Fransiya hukumatining obro‘siga ham zarba deb atagan.