Pashinyan Yevropadan qo‘yni-qo‘nji to‘lib qaytmoqda (video)

Olam

image

Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan kecha, 5 aprel kuni G‘arbning bir qator rasmiylari bilan muzokaralar olib bordi. Bu haqda Bosh vazirning matbuot xizmati ma’lum qildi.

Armaniston Respublikasining Belgiyadagi elchixonasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Pashinyan AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi USAID ma’muri Samanta Pauerni qabul qilgan. Suhbatdoshlar Armaniston hukumati va USAID o‘rtasidagi hamkorlik masalalari, joriy dasturlar va istiqboldagi tashabbuslarni muhokama qilgan. Xususan, Armanistondagi turli yo‘nalishlarda demokratik va institutsional islohotlarni samarali amalga oshirishda USAID’ning kelgusi qo‘llab-quvvatlashi haqida so‘z yuritilgan.

"Bosh vazir Armaniston hukumati islohotlar yo‘lidagi izchil qadamlarni qat’iy davom ettirishini ta’kidladi va bu strategik ahamiyatga ega ekanini bildirdi", deyiladi xabarda.

Samanta Pauer USAID Armaniston bilan yaqin hamkorlikni davom ettirishini va Armaniston hukumatining demokratiyani mustahkamlash va rivojlantirish bo‘yicha dasturlarini doimiy qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ta’kidlagan.

Suhbatdoshlar Qorabog‘dan "majburan ko‘chirilganlar" ning gumanitar muammolari va ularni hal etish yo‘lidagi qadamlarga to‘xtalgan. Bosh vazir Nikol Pashinyan Armaniston hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va keyingi qadamlar bilan uni yaqindan tanishtirgan, xalqaro hamkorlar, jumladan, Qo‘shma Shtatlar tomonidan Qorabog‘dan ko‘chirilgan odamlarga ko‘rsatilayotgan yordamga e’tibor qaratib, uni doimiy ravishda ta’minlash zarurligini ta’kidlagan.

Shu nuqtai nazardan, "majburiy ko‘chirilganlar"ni qo‘llab-quvvatlashning keyingi bosqichlariga oid masalalar, xususan, uy-joy bilan ta’minlash masalalari muhokama qilingan.

Kunning ikkinchi yarmida Armaniston-Yevropa Ittifoqi-AQSH qo‘shma yig‘ilishi oldidan Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan, Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen, AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken va  Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel bayonot bergan.

Tadbirni ochib bergan Borrel "suveren, mustahkam va gullab-yashnagan Armanistonga" jamoaviy sadoqatni yana bir bor tasdiqlash uchun bu yuqori darajadagi uchrashuv tashkil qilinganini urg‘ulagan hamda o‘z hamkorlaridan Armaniston infratuzilmasini modernizatsiya qilish, biznes tarmoqlarini ko‘paytirish va savdoni osonlashtirishning potensial sxemalarini o‘rganishda yordam berishni so‘ragan. Shuningdek, u Ozarbayjon bilan munosabatlarni normallashtirish tarafdori ekanligini ta’kidlagan.

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayenning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi Armaniston bilan yelkama-yelka turishga va’da bergan va bugun bu va’da bajarilmoqda. 

"Armaniston bilan hamkorlik qilish haqidagi tasavvur Armanistonning barqarorligiga hissa qo‘shish dasturi orqali amalga oshiriladi. Biz Armaniston iqtisodiyoti va jamiyatini yanada mustahkam, zarbalarga chidamli qilish uchun sarmoya kiritamiz" degan u.

Fon der Lyayen kichik va o‘rta hajmli kompaniyalarga yordam beradigan 270 million yevro miqdoridagi grantga ishora qilgan. Qolaversa, Yevropa Ittifoqi Armanistondagi infratuzilma loyihalariga, xususan, Qora dengiz elektr kabeli loyihasiga, shuningdek, qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqarishga sarmoya kiritadi. 

AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken ham Armanistonga 65 million dollardan ortiq pul berilishini bildirgan. Uning ta’kidlashicha, AQSH Pashinyanning boshqaruvi va iqtisodiy islohotlarga mos keladigan sa’y-harakatlarga sarmoya kiritmoqda.

“Biz 65 million dollardan ortiq yordam ko‘rsatishni rejalashtirganmiz. Bu ko‘rsatkich ikki yil avvalgi ko‘rsatkichdan 50 foizga ko‘pdir. Unda oziq-ovqat xavfsizligi, raqamli infratuzilma, energiya diversifikatsiyasi, savdo sheriklarini diversifikatsiya qilish va Bosh vazir belgilagan boshqa ustuvorliklarga sarmoya kiritish orqali Armanistonning demokratiyasi va iqtisodiy barqarorligini qo‘llab-quvvatlashimizni yanada oshirish niyatidamiz”, degan Blinken.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevroparlament Armaniston bilan yaqinlashish bo‘yicha rezolyutsiya qabul qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Nikol Pashinyan Ursula fon der Lyayen Bel'giya Samanta Pauer

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing