Pashinyan parlament saylovida ovoz berdi 

Olam

image

Avvalroq, bugun, 20 iyun kuni Armanistonda Milliy majlisga (bir palatali parlament) muddatidan oldin saylovlar bo‘lib o‘tayotgani haqida xabar bergandik.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, Armaniston Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Nikol Pashinyan ham parlament saylovlarida ovoz bergan. Ta’kidlanishicha, Pashinyan saylov uchastkasiga rafiqasi va to‘rt farzandi bilan kelgan. U ovoz bergan va jurnalistlarning savollariga javob bermasdan uchastkadan chiqib ketgan.  

Ma’lumot o‘rnida, Armanistonda o‘tgan yilning noyabr oyida boshlangan siyosiy inqiroz fonida Bosh vazir va parlamentda vakili bo‘lgan partiyalar rahbarlari muddatidan oldin saylovlar o‘tkazishga kelishib olgandi. 

Joriy yilning 10 may kuni bo‘lib o‘tgan maxsus yig‘ilishda deputatlar parlamentni tarqatib yuborishni qonuniy ravishda amalga oshirish uchun zarur rasmiyatchiliklarga rioya qilgandi. Shundan so‘ng, mamlakat Prezidenti Armen Sarkisyan muddatidan oldin saylovlar kunini 20 iyunga belgilagandi. 

Nikol Pashinyan va uning hukumati a’zolari saylovgacha vazifa bajaruvchi lavozimida ishlab keldi. Uning “Fuqarolik shartnomasi” partiyasi boshqa kuchlar bilan bloklar tuzishdan bosh tortgan va saylovlarda mustaqil qatnashmoqda. 

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, Pashinyanning saylovdagi asosiy raqiblaridan biri Armanistonning sobiq Prezidenti Robert Kocharyan bo‘ladi. U “Dashnaksutyun” va “Qayta jonlanayotgan Armaniston” partiyalari rahbarlari Ishxan Sagatelyan va Vage Akopyan bilan birgalikda “Armaniston” blokini yaratgan. 

Saylovda Armaniston Milliy xavfsizlik xizmatining sobiq rahbari Artur Vanetsyanning “Rodina” partiyasi bilan blok tuzgan eks-prezident Serj Sargsyanning Respublikachilar partiyasi ham ishtirok etmoqda. Shuningdek, parlament muxolifati — “Obod Armaniston” va “Porloq Armaniston” partiyalari ham saylovlarda hech qanday bloklarga qo‘shilmasdan qatnashmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Armaniston Pashinyan

Baholaganlar

22

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing