Pashinyan Ozarbayjon Sovet davridagi chegaralariga qaytishi kerakligini aytdi
Olam
−
26 Sentabr 2022
6936Ozarbayjon Qurolli Kuchlari Armaniston hududini egallab oldi va dastlabki pozitsiyalariga qaytishi kerak. Bu haqda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Parijda Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Fransiya BMT Xavfsizlik Kengashiga raislik qiladi, uning kun tartibiga Prezident Makronning o‘zi ko‘magida Ozarbayjonning Armanistonga qarshi tajovuzi mavzusi kiritilgan. Agressiya oqibatida Ozarbayjon 2021 yil 12 may va 2022 yil 13 sentyabr kunlari Armaniston Respublikasining suveren hududlarini bosib oldi. Shuni ta’kidlamoqchimanki, bizning pozitsiyamiz aniq: Ozarbayjon Qurolli Kuchlari Armaniston Respublikasining suveren hududidan olib chiqilishi kerak”, deydi u.
Pashinyanning qayd etishicha, Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida aniq chegara yo‘qligi haqidagi bayonotlar chayqovchilikdir.
“Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida aniq chegara yo‘q, chunki u chegaralanmagan va delimitatsiya qilinmagan, degan spekulyativ bayonotlarning haqiqatga hech qanday aloqasi yo‘q. Sovet Armanistoni va Sovet Ozarbayjoni o‘rtasidagi mavjud ma’muriy chegaralar ikki davlat mavjudligining dastlabki oylarida davlat chegaralariga aylandi, chunki Armaniston va Ozarbayjon 1991 yil 8 dekabrdagi MDHni tashkil etish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilgan”, deydi Pashinyan.
U, shuningdek, Ozarbayjonning harakatlari tufayli Janubiy Kavkazdagi vaziyat tarangligicha qolayotganini aytdi.
“Ozarbayjonning bosqinchilik harakatlari tufayli mintaqamizdagi vaziyat keskinligicha qolmoqda. Ozarbayjon ishg‘olidan jabr ko‘rgan hududlar va chegara zonasiga xalqaro kuzatuv missiyasini yuborish xalqaro hamjamiyatga bilvosita emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’lumot olishga yordam beradi, deb hisoblayman. Ishonchim komilki, BMT Xavfsizlik Kengashi bu masalani diqqat markazida ushlab turishi kerak”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Ozarbayjon Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov BMT Bosh Assambleyasining 77-sessiyasi muhokamalarida Ozarbayjon Armanistonga tinchlik shartnomasi loyihasi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish uchun aniq joy va vaqtni taklif qilgani, biroq Yerevandan ijobiy munosabat bildirilmaganini aytgan edi.
Joriy yilning 13 sentyabriga o‘tar kechasi Armaniston Mudofaa vazirligi Ozarbayjon Qurolli kuchlari mamlakatning aholi punktlarini o‘qqa tutganini ma’lum qildi. Bakuning qayd etishicha, bu Yerevanning provokatsiyalariga javobdir. Keyinroq Ozarbayjon o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvlarga erishgani haqida xabar berdi.
To‘qnashuvlarda Ozarbayjon tomonidan 77 nafar, Armanistondan 105 nafar harbiy halok bo‘lgani aytildi.
Qorabog‘ urushi
1990-yillar boshida mintaqa qurolli mojaro bilan qamrab olingandi: Armaniston Ozarbayjonga qarshi agressiv harbiy harakatlarini boshladi, bu bilan Ozarbayjon hududlarini bosib olishga oid azaliy rejalarini amalga oshirishga kirishdi. Mazkur rejaning markaziy qismi Qorabog‘ni Ozarbayjondan bir tomonlama ajratib olish va uni Armaniston tarkibiga qo‘shib olish bo‘lgan. Natijada Armaniston mazkur mintaqani, jumladan, Xo‘jali va Ozarbayjonning boshqa yettita tumanini ishg‘ol etdi. Ushbu agressiyaning oqibati sifatida urush 30 ming insonning boshiga yetdi. Bir millionga yaqin ozarbayjonliklar qochoqqa va majburiy ko‘chmanchiga aylandi, minglab odamlar dom-daraksiz yo‘qoldi.
Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib oldi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi.
Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan “Bayraktar” uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.
44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2, 9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.