Pashinyan Putinning G‘alaba paradiga borishdan bosh tortdi
Olam
−
07 may 3256 2 daqiqa
Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan joriy yilning 9 may kuni Moskvada bo‘lib o‘tadigan G‘alaba paradiga bormaydi. Bu haqda “News.am” xabar berdi.
“Men bu haqda aprel oyida Rossiyaga qilgan tashrifim chog‘ida ushbu mamlakat Prezidentiga xabar bergandim”, deydi u jurnalistlarga.
Pashinyan ushbu qarorining sababi sifatida Armaniston Milliy Majlisiga 7 iyunga belgilangan saylovlar oldidan saylovoldi kampaniyasida ishtirok etish zaruritini ko‘rsatgan.
Ma’lumot uchun, AQSH va Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashish yo‘lini tanlagan va respublikaning Kreml nazoratidagi KXSHTdan kelajakda chiqishini e’lon qilgan Armaniston Bosh vaziri bungacha ham Qizil maydondagi paradni o‘tkazib yuborgan edi. 2024 yilda u buni Armaniston rahbari har yili 9 may kuni Moskvaga borishi shart emasligi bilan izohlagan. 2023 va 2025 yillarda esa Pashinyan parad mehmonlari qatorida bo‘lgan va “Noma’lum askar” qabriga gul qo‘ygan.
RIA Novostining yozishicha, joriy yilda Ukraina dronlari hujumi xavfi tufayli 2007 yildan beri ilk bor harbiy texnikalarsiz o‘tkaziladigan Moskvadagi paradda bir nechta xorijiy yetakchilar ishtirok etishi kutilmoqda. Biroq Kreml hozircha borishga rozi bo‘lgan mehmonlarning to‘liq ro‘yxatini ochiqlamagan. Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu ro‘yxat “bayramga yaqin” e’lon qilinishini ta’kidlagan.
Belarus rezidenti Aleksandr Lukashenko va Malayziya rahbari Sulton Ibrohimdan tashqari, Moskvaga Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso ham uchib borishi kerak. Shunga qaramay, siyosatchi G‘alaba paradida ishtirok etish niyatida emasligini qayd etgan. Slovakiya yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, u “Noma’lum askar” qabriga gul qo‘yish va Putin bilan uchrashuv o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
O‘tgan yili G‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan Moskvaga borganlar orasida Xitoy yetakchisi Si Szinpin, shuningdek, Fitso va Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich bor edi. O‘shanda jami 27 ta davlat (jumladan, tan olinmagan va qisman tan olingan hududlar) rahbarlari Rossiyaga borishi tasdiqlagan edi. Oxirgi lahzada Ozarbayjon va Laos rahbarlari Ilhom Aliyev va Txonglun Sisulit ishtirok etishdan voz kechgandi.