Armaniston Ukraina masalasida Rossiya bilan ittifoqchi emas – Pashinyan
Olam
−
08 may 1682 2 daqiqa
Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan mamlakat Ukraina urushi masalasida Rossiyaning ittifoqchisi emasligini bildirdi. Bu haqda u hukumat brifingida aytib o‘tdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Yerevan Ukrainaga gumanitar yordam yuborgan va bu pozitsiya avval ham ochiq aytilgan.
“Biz Ukraina masalasida Rossiyaning ittifoqchisi emasmiz”, degan Pashinyan.
Bosh vazirning ta’kidlashicha, Armaniston sobiq SSSR davlatlarining hududiy yaxlitligini tan olishga asos bo‘lgan Olmaota deklaratsiyasiga amal qiladi.
“Bu – bizning prinsipial pozitsiyamizning asosi”, degan u.
Qayd etish joiz, 4 may kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Yevropa siyosiy hamjamiyatining VIII sammitida ishtirok etish uchun Yerevanga borgan edi. Ukraina rahbarining tashrifi va sammitdagi ishtiroki Rossiya TIVida keskin reaksiyaga sabab bo‘lgan.
Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova Armaniston hukumatini “Rossiyaga qarshi harakatlar”da ayblagan va Moskva hamda Yerevan o‘rtasidagi munosabatlar “jiddiy murakkablashishi” mumkinligini aytgan.
Shuningdek, u Zelenskiyning Armanistonda “juda iliq” kutib olinganini tanqid qilgan.
“Siz tarixiy jihatdan kim tarafdasiz? Kimni qo‘llayapsiz?” deya savol qo‘ygan Zaxarova brifing vaqtida.
Keyinroq Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Armanistonning Moskvadagi elchisi Gurgen Arsenyanni chaqirtirdi. Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzin Zelenskiyga “Rossiyaga qarshi tahdidli bayonotlar uchun minbar berilgani”ni “qat’iy qabul qilib bo‘lmas holat” deb atagan.
Eslatib o‘tamiz, Nikol Pashinyan joriy yilning 9 may kuni Moskvada bo‘lib o‘tadigan G‘alaba paradiga bormasligi haqida xabar berilgandi. Pashinyan ushbu qarorining sababi sifatida Armaniston Milliy Majlisiga 7 iyunga belgilangan saylovlar oldidan saylovoldi kampaniyasida ishtirok etish zaruritini ko‘rsatgan.