Parkentdan XVI – XVII asrlarga oid xazina topildi
Madaniyat-san’at
−
19 Sentabr 2022
24336Toshkent viloyatining Parkent tumani Xo‘ja mahallasidagi xonadondan XVI – XVII asrlarga oid xazina topildi. Bu haqda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi ma’lum qildi.
Akademiya ma’lumotiga ko‘ra, tumanning Hunarmand ko‘chasi, 47-uyda yashovchi Nasiba Begmatova joriy yilning 16 sentyabr kuni o‘z uyining hovlisida o‘ra qazdirayotganda ko‘karib zanglab ketgan mis tangalar xazinasi topilgan.
Akademiya olimlarining ta’kidlashicha, tangalar soni 939 ta bo‘lib, uzoq vaqtlar davomida yer ostida, nam tuproqqa qorishib chirigani sababli ularning har ikki tomoni tekislanib ketgan.
Tangalarning ayrimlariga ishlov berilib, tozalanishi natijasida ularda doira shakldagi halqa va uning ichiga arab harflaridagi yozuv bitilgani aniqlangan.
Tangalarga zarb sayoz urilgani ham ulardagi yozuvlar yaxshi ko‘rinmasligiga sabab bo‘lgan. Tozalangan tangalardan ayrimlarining bir tomonida “zarb Toshkent ( )” yozuvigina o‘qilgan.
Ikkinchi tomonini o‘qishning imkoni bo‘lmagan. Ammo, avvallari aniqlangan, aynan ularga o‘xshash tangalar bilan qiyosiy tahlil yangi topilgan xazinaning XVI asrning oxiri – XVII asrning boshlariga tegishli ekanligini ko‘rsatdi.
Topilgan joydan aniqlangan ashyoviy dalillar – 25x25x5 santimetr hajmdagi pishgan g‘ishtlar, moviy rangdagi sirlangan va sirsiz sopol idish siniqlari ham yuqorida ko‘rsatilgan davrda ishlab chiqarilgan.
LiveBarchasi