Daryo tubidan butun bir armiyani qurollantirishga qodir xazina topildi

Bu qiziq

image

Ishchilar Dunay tubidan tasodifan 2200 yillik tarixga ega, 500 ta temir yombidan (slitok) iborat xazinani olib chiqdi. Topilmani o‘rganayotgan Avstriyadagi Insbruk universiteti arxeologlarining aniqlashicha, bu Yevropa tarixida miloddan oldingi davrga oid eng yirik metall partiyasi. Qazishmalar natijalari “Antiquity” jurnalida e’lon qilindi.

Qayd etilishicha, hodisa 2019 yilda Avstriyaning Daynxam qishlog‘i yaqinida yuz bergan. Mahalliy ekskavatorchi shag‘al qazib olayotganda daryo tubidan g‘alati zanglagan buyumlarni ildirib olgan. Qimmatbaho yuk mo‘jiza tufayli metallolom qabul qilish punktiga qayta eritish uchun yuborilmay qolgan. Olimlar tonnalab qumni qo‘lda elakdan o‘tkazib, 193 ta butun temir bo‘lagi va yuzlab boshqa bo‘laklarni ajratib olgan. Har bir bo‘lakning vazni taxminan 4,5 kilogrammni tashkil etgan, xazinaning umumiy vazni esa deyarli bir tonnaga baholanmoqda.

Artefaktlar miloddan avvalgi III–II asrlarga oid. Mutaxassislarning taxmin qilishicha, barg shaklidagi ushbu xomashyolar boshqa buyumlarga qayta ishlov berish uchun mo‘ljallangan yarim tayyor mahsulot vazifasini o‘tagan. Tadqiqotchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu metall hajmidan 500 ga yaqin qilich yoki 8000 tagacha mix yasash mumkin bo‘lgan.

“Metallga ishlov berishdagi yo‘qotishlarni hisobga olganda ham Daynxamdan topilgan temir katta bir jangchilar guruhini qurollantirishga yetarli bo‘lardi”, deydi tadqiqotning yetakchi muallifi Peter Trebshe.

Kema halokatining aniq sababi jumboqligicha qolmoqda, chunki ekskavator cho‘michi madaniy qatlamni vayron qilgan. Biroq qayiq izlarining yo‘qligi va yukning juda yirik hajmi suvdagi transport halokatiga ishora qilmoqda. Ehtimol, yombilar yirik mustahkamlangan shaharlar va temirchilik ishlab chiqarishi markazlari joylashgan Bavariyadan oqim bo‘ylab suzib kelayotgan bo‘lgan. Buncha miqdordagi metallni tashish bir martalik bitim uchun juda noodatiy holat. Qimmatbaho tovar evaziga qabul qilib oluvchi tomon oltin, kumush yoki hatto chorva mollarini berishi kerak bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Belgiyaning Dendermond shahrida qurilish ishchilari bino yerto‘lasidagi devor orasiga yashirilgan, qiymati qariyb 9 mln yevroga baholanayotgan oltin tangalar va quymalarni topgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing