Devor orasidan 9 mln yevrolik xazina topildi

Olam

image

Belgiyaning Dendermond shahrida qurilish ishchilari bino yerto‘lasidagi devor orasiga yashirilgan, qiymati qariyb 9 mln yevroga baholanayotgan oltin tangalar va quymalarni topdi. Bu haqda “vrtnws” xabar berdi.

Voqea joriy yilning 12 avgust kuni Sint-Gillis-Dendermond hududidagi Van Langenxovestraat ko‘chasida joylashgan binoni buzish ishlari vaqtida yuz bergan. Ishchilar kanalizatsiya quvurini yotqizish uchun poydevorning bir qismini buzayotganida g‘ishtlar orasidan oltin tangalar va quymalarni topgan.

Xazinani birinchi bo‘lib 18 yoshli Kobi ismli talaba ko‘rgan. U dastlab topilgan tangalarni 1 yevrolik oddiy tangalar deb o‘ylagan.

“Avvaliga ular 1 yevrolik tangalar deb o‘yladim. Keyin oltin bo‘lagi ham ko‘rindi. Shunda bu ancha katta narsa ekanini angladik”, deydi Kobi.

Qurilish maydoni rahbari ham topilmadan hayratga tushgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ishchilar qazishni davom ettirgach, yana ko‘plab oltin tangalar va quymalarni topgan. Ishchilar topilma haqida qurilish ob’ekti egasi va politsiyaga xabar bergan. Hozir oltin xavfsiz joyda politsiya nazoratida saqlanmoqda.

Sharqiy Flandriya prokuraturasi xazinaning bu joyga qanday kelib qolganini aniqlash uchun tergov olib bormoqda. Bino egasi vakilininng ta’kidlashicha, oltinning yashirilishi qandaydir firibgarlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lishi ham mumkin.

Ayni paytda topilmaning qonuniy egasi kim ekani va ishchilarga mukofot beriladimi yoki yo‘qmi noma’lum. Bu masalalar tergov yakunlari va qonuniy tartiblar asosida hal qilinadi.

“Qurilish sohasida 33 yildan beri ishlayman. Bunday voqeaga birinchi marta duch kelishim”, deydi qurilish maydoni rahbari.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniyada 2 ming yillik tarixga ega xazina topilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing