Vengriyadagi yagona AES o‘chirildi

Olam

image

Vengriya Bosh vaziri Peter Madyar Dunaydagi suv sathining 44 yil ichida ilk bor rekord darajada pasayib ketishi sababli mamlakatdagi yagona “Paksh” AES faoliyati to‘xtatilishini e’lon qildi. Bu haqda u kecha, 2 avgust kuni o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.

Madyar stansiya foydalanishga topshirilganidan beri 44 yil ichida ilk bor bugun, 3 avgustdan e’tiboran uning barcha reaktorlari to‘xtatilishini e’lon qilgan. 

“AES allaqachon o‘z quvvatining 10 foizi darajasida ishlamoqda. Bu milliy elektr tarmog‘iga tushadigan yuklamani keskin oshiradi va elektr energiyasi iste’moliga cheklovlar kiritishni talab qiladi”, deydi u.

Qo‘shni Ruminiyada armiya suvni kanaldan mamlakatdagi elektr energiyasining qariyb 20 foizini ishlab chiqaradigan “Chernavode” AESga yo‘naltirish uchun nazorat ostidagi portlashlarni amalga oshirgan. Uning ikki reaktoridan biri allaqachon to‘xtatilgan, suvsiz esa ikkinchisini ham to‘xtatishga to‘g‘ri kelar edi.

“Reuters”ning yozishicha, “Paksh” AES Vengriyada elektr energiyasi ishlab chiqarishning deyarli yarmini ta’minlaydi va stansiya reaktorlarini sovitish uchun Dunay suvidan foydalanadi. Yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan energetik inqiroz fonida mamlakat rasmiylari aholi va biznesni elektr energiyasi iste’molini kamaytirishga chaqirgan.

Avvalroq, Peter Madyar uning hukumati mamlakatdagi sanoat korxonalarida iste’molni navbat bilan cheklashni nazarda tutuvchi favqulodda reja ishlab chiqqanini ma’lum qilgan. U, shuningdek, Vengriyaning boshqa elektr stansiyalari vaqtinchalik elektr energiyasi ishlab chiqarishni oshirishini va’da qilgan.

2026 yilda Markaziy Yevropadagi anomal issiqlik va qurg‘oqchilik sababli Dunay o‘ta kritik darajada suv yo‘qotdi. Ayrim hududlarda suv sathi tarixiy minimumlarni yangiladi, bu esa kemalar qatnovining to‘xtashiga va energetika sohasida muammolarga olib keldi.

Xususan, iyul oyi oxirida Ruminiyada “Chernavode” AESning birinchi bloki to‘xtatilgan va milliy energotizimdan uzilgan. Serbiya gidrometeorologlari ham Dunaydagi suv sathi yuz yillik antirekordni yangilashi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Mamlakat rasmiylari Voyevodina muxtor o‘lkasining shimoliy qismini suv bilan ta’minlaydigan nasos stansiyasi faoliyatini allaqachon to‘xtatgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yer sayyorasi misli ko‘rilmagan issiqlik davriga kirib borayotgani, kuchayib borayotgan El-Nino hodisasi esa yaqin oylardayoq yangi harorat rekordlariga olib kelishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing