Parkent hokimligi sotib olgan Captiva bo‘yicha Bosh prokuraturaga so‘rov yuborildi

Jamiyat

image

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi OAV va ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Parkent tumani hokimligi tomonidan “Mega Karer” MCHJdan Captiva rusumli avtomobil 260 mln so‘mga sotib olingani to‘g‘risida xabarlar yuzasidan Bosh prokuraturaga so‘rovnoma yubordi.

“Yuqoridagi harakatlarda davlat hokimiyati vakilining o‘z mansabidan foydalangan holda korrupsiyaga yo‘l qo‘yish alomatlari mavjudligini inobatga olib, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazishni so‘rab O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga so‘rovnoma yubordi.

Holat yuzasidan OAV va keng jamoatchilikka batafsil ma’lumot beriladi”, deyiladi Agentlik xabarida.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati hokimligi Axborot xizmatining ma’lum qilishicha, haqiqatdan ham Parkent tumani hokimligi Captiva avtomobili xarid qilgan va vositachi korxona ta’sischilaridan biri tuman hokimining o‘g‘li ekanligini tasdiqlagan edi.

Toshkent viloyati hokimligining matbuot kotibi Behzod Qobulov ushbu holatga izoh berdi. Qobulov vositachi korxona ta’sischilaridan biri tuman hokimining o‘g‘li ekanligini tasdiqladi.

"Parkent — tog‘ va tog‘oldi hududlardan tarkib topgan. Shundan kelib chiqib, 2019 yilda tuman hokimligi „Kaptiva“ mashinasini xarid qilishni rejalashtirgan. Biroq, o‘sha vaqtda tuman byudjetida yetarli mablag‘ bo‘lmagani tufayli, tuman hokimining farzandi, ya’ni "MEGA KARER" MCHJ ta’sischilaridan biri otasi foydalanishi uchun mazkur mashinani berib turgan", deyiladi xabarda.

Og‘zaki kelishuvga ko‘ra, tuman byudjetida yetarli mablag‘ bo‘lgan paytda pul o‘tkazib beriladigan bo‘lgan. Ya’ni, mashina tuman hokimligi ixtiyoriga berilgan paytda yangi bo‘lgan. Oradan bir yildan ko‘proq vaqt o‘tgach, to‘lov qobiliyati shakllanganidan keyin bu mablag‘lar firmaga baholovchi tashkilot tomonidan belgilangan narxga ko‘ra o‘tkazib berilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Captiva Parkent

Baholaganlar

211

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing