Parijdagi Olimpiadaning ochilish marosimi bekor qilinishi mumkin
Sport
−
29 mart
9825Fransiyaning Ichki xavfsizlik bosh boshqarmasi (DGSI, ichki razvedka) mamlakatda teraktlar sodir etilishi ehtimolidan xavotirda. Fransiya Ichki ishlar vaziri Jerald Darmanin kecha, 28 mart kuni xavfsizlik xizmati vakillari bilan Parijdagi Olimpiadaning ochilish marosimini muhokama qilish uchun uchrashishi kerak edi. Bu haqda “Europe 1” radiosi xabar berdi.
Aytilishicha, Moskva yaqinidagi “Krokus Siti Holl”da yaqinda sodir bo‘lgan terakt fonida Fransiyada terrorchilik xavfi "juda yuqori". Aksilterror xizmati vazirga tahdid holati haqida ma’lumot berishi kerak edi. DGSI esa Fransiyaga harbiy qurollar yoki avtomashinalar yordamida amalga oshirilgan ommaviy terrorizmning qaytishidan xavfsiraydi. Xizmat Olimpiada o‘yinlarining ochilish marosimi kuni butun dunyo kameralari oldida kelishilgan hujum ssenariysidan iloji boricha qochishni istaydi.
"Biz B rejasiga o‘tishimiz kerak", deydi radioning razvedka xizmatidagi manbasi marosimni bekor qilish imkoniyatini hisobga olgan holda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ochilish marosimining Senada daryo paradini o‘tkazishni o‘z ichiga olgan mavjud formati "bu holatda qolib ketish uchun juda ko‘p xavf tug‘diradi".
Ma’lumot uchun, Parijdagi Olimpiya o‘yinlari 26 iyuldan 11 avgustgacha bo‘lib o‘tadi. O‘yinlar davomida xavfsizlikni ta’minlash uchun 20 minggacha harbiy xizmatchilardan foydalanish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, ISHID javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan "Krokus Siti Holl"dagi teraktdan so‘ng, Fransiyada terrorchilik tahdidining eng yuqori darajasi joriy etilgandi. Moskva yaqinidagi terakt oqibatida 140 dan ortiq odam halok bo‘ldi, 360 nafari yaralandi, yana 143 nafari bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida. Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev teraktni Ukraina uyushtirganini da’vo qilmoqda. Ukraina rasmiylari voqeaga aloqadorligini rad etadi.
LiveBarchasi