Parijda Ikkinchi jahon urushi davridan beri portlamagan bomba topildi
Olam
−
08 mart
3035Fransiya poytaxti Parij shahridagi Shimoliy vokzal yaqinida Ikkinchi jahon urushiga oid portlamagan bomba aniqlandi. Bu haqda BFM TV xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bomba topilishi ortidan poyezd harakati to‘xtatilgan. Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, portlovchi qurilma vokzal yaqinida olib borilgan ishlar chog‘ida topilgan.
Temiryo‘l kompaniyasining bildirishicha, harakatning to‘xtatilishi Parij politsiya prefekturasining talabiga binoan amalga oshirilgan.
“Associated Press” nashrining yozishicha, Shimoliy vokzal Yevropaning yirik tranzit markazlaridan biri bo‘lib, u Fransiyaning shimoliy yo‘nalishlari, jumladan, Bryussel va Niderlandiyaga, shuningdek, Parijning asosiy aeroporti va mintaqaviy yo‘nalishlarga xizmat ko‘rsatadi.
Qayd etilishicha, bir nechta reyslar bekor qilingan. Ular orasida Parij-London va Parij- Bryussel yo‘nalishidagi yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlar ham bor. Biroq London-Bryussel va London-Amsterdam yo‘nalishlaridagi Eurostar reyslari odatdagidek davom etmoqda.
Fransiya Transport vaziri Filipp Tabaro poyezd harakatidagi uzilishlar kun mobaynida davom etishini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar politsiya ruxsat bersa, mahalliy vaqt bilan soat 16:00 da harakat qisman qayta tiklanishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniyaning Nortamberlend shtatida joylashgan Vuler shaharchasidagi bolalar maydonchasidan Ikkinchi jahon urushi davriga oid 176 ta bomba topilgandi.
LiveBarchasi