Parij Netanyaxuni Livan sulhidagi roli uchun XJSdan himoya qiladi – “Le Point”

Olam

image

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Livandagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvidagi roli evaziga Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni hibsga olish haqidagi Xalqaro jinoiy sud orderini ijro etmaslikka rozi bo‘ldi. Bu haqda Fransiya yetakchisiga yaqin manbaga tayanib, Fransiyaning “Le Point” jurnali xabar berdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, order chiqarilganidan ko‘p o‘tmay, Fransiya Prezidenti Netanyaxuga qo‘ng‘iroq qilib, Parij “Xalqaro jinoiy sudni hurmat qilishga va u bilan to‘liq hamkorlik qilishga majbur” ekanini ta’kidlagan. Shu bilan birga, Makron XJS qoidalari sud hibsga olish orderlaridan daxlsizlikni ta’minlashini qo‘shimcha qilgan.

“Shu munosabat bilan tomonlar Livandagi sulh atrofidagi vaziyatni muhokama qildi. Ular Parij BMT Xavfsizlik Kengashining Isroil-Livan chegarasidagi vaziyatni tartibga soluvchi 1701-rezolyutsiyasining “bajarishni nazorat qiluvchi qo‘mitada muhim rol o‘ynashi” haqida kelishib oldilar. Aynan shu telefon suhbati davomida Fransiya va Isroil o‘rtasidagi "so‘nggi kelishmovchiliklar" hal qilindi”, dedi nashr manbasi.

27 noyabr kuni ertalab Isroil va Livan o‘rtasida 2023 yil oktyabr oyida harbiy harakatlar boshlanganidan buyon birinchi sulh bo‘yicha kelishuv kuchga kirdi. Tomonlar ma’qullagan holda BMT Xavfsizlik Kengashining 1701-rezolyutsiyasi ijrosini nazorat qiluvchi qo‘mita tuziladi, uning tarkibiga AQSH, Fransiya va Buyuk Britaniya kiradi.

Ma’lumot uchun, 21 noyabr kuni XJC Netanyaxu va Isroilning sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni kamida 2023 yil 8 oktyabrdan 2024 yil 20 maygacha Falastin hududida harbiy va insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etganlikda ayblab, hibsga olish uchun order berganini e’lon qildi. 

Ba’zi davlatlar, xususan, Vengriya, Avstriya, Chexiya va Germaniya XJC qaroridan noroziligini bildirib, unga rioya qilmasliklari mumkinligi haqida bayonotlar berdi. Fransiya ham Xalqaro jinoiy sud qaroriga qaramay, Netanyaxuni mamlakat hududida hibsga olinmasligini bildirdi.  AQSH ham XJS qarorini qoraladi. Kreml voizi Dmitriy Peskov esa XJS harakati biror narsaga yordam berishi dargumon ekanini aytdi.

O‘z navbatida, Buyuk Britaniya, Kanada va Niderlandiya agar Binyamin Netanyaxu ularning hududiga kelsa, uni Xalqaro jinoiy sud orderi bo‘yicha hibsga olishini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati oliy vakili Josep Borrel Xalqaro jinoiy sudning Netanyaxuni hibsga olishga order berish qarorini qo‘llab-quvvatlamagan davlatlarni hukmni hurmat qilishga chaqirgan va Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar sud qarorini bajarishga majbur ekanini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya Emmanuel' Makron Isroil Livan Bin'yamin Netan'yaxu XJC

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing