Parij-2024. Nuriddinov va Jo‘rayevning vazn toifasi olib tashlandi
Sport
−
22 dekabr 2021
13920Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasining ma’lum qilishicha, Parij-2024 Olimpiya o‘yinlarida ushbu sport vazn toifalari 4 taga qisqartirildi.
Sportchilar joriy yilgi Tokio Olimpiadasida 14 vaznda (erkak va ayollarda 7 tadan toifa) bahs olib borgan bo‘lsa, Parij-2024 da bahslar 10 vazn toifasida bellashuvlar tashkil etiladi. Yangi toifada erkaklar va ayollardagi eng og‘ir vaznlar (109 kg, +109 kg, 87 kg, +87 kg) o‘zgartirildi. Unga ko‘ra, bo‘lajak Olimpiya o‘yinlaridagi vazn toifalari quyidagi ko‘rinishga kelmoqda:
Erkaklar: 61 kg, 73 kg, 89 kg, 102 kg, +102 kg;
Ayollar: 49 kg, 59 kg, 71 kg, 81 kg, +81 kg.
O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari, Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi vitse-prezidenti, IWF Ijroqo‘m a’zosi Shahrullo Mahmudovning Milliy Olimpiya qo‘mitasiga ma’lum qilishicha, bu o‘zbek sportchilari uchun fojia emas.
“To‘g‘ri, Olimpiya o‘yinlari vazn toifalari o‘zgardi. Atletlar bir vaznga bog‘lanib qolmay, toifalarini o‘zgartirib turishadi. Bizda ularga moslashib olish qiyinchilik tug‘dirishi mumkin, ammo umumiy olib qaraganda fojia emas. Sportchilarimizning imkoniyatlaridan kelib chiqib, ajratilgan barcha kvotalar bo‘yicha litsenziya olishimizga ishonaman. Shu bois bor e’tiborimizni yangi Olimpiya vaznlarida medal qo‘lga kiritishga qaratamiz”, deydi Mahmudov.
Eslatib o‘tamiz, ushbu sport turida Rio-2016 Olimpiadasida Ruslan Nuridinov 105 kg, Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarida Akbar Jo‘rayev 109 kg vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritgan. Nuriddinovning shaxsiy rekordi 431 kg, Jo‘rayevniki esa 430 kg hisoblanadi.
Joriy yil Toshkentda o‘tkazilgan Jahon chempionatida eng og‘ir vazn toifasida (+109 kg) gruziyalik Lasha Talaxadze umumiy hisobda 492 kg (225+267 kg) toshni bo‘ysundirib, o‘ziga tegishli jahon rekordini yangilagan edi.
LiveBarchasi