Paralimpiyachilarni Tokioga kuzatish marosimidan fotoreportaj

Sport

para 10

Bugun, 20 avgust kuni O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasida sportchilarni Tokio Paralimpiadasiga tantanali kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Toshxo‘jayev, shuningdek, sportchilar va ularning ota-onalari hamda murabbiylar ishtirok etdi.

Tadbir davomida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov paralimpiyachilar ham olimpiada sovrindorlari singari taqdirlanishini ta’kidlab, ularga omad va zafarlar tiladi:

“Tokio-2020 Olimpiadasida O‘zbekiston nomidan munosib qatnashgan sportchilarimizni taqdirladik. Bu paralimpiyachilarni ham ruhlantirishi kerak. Chunki Tokio-2020 Olimpiada o‘yinlarida o‘zbekistonlik sovrindorlarga qanday sovg‘alar topshirilgan bo‘lsa, paralimpiyachilarga ham xuddi shunday sovrinlar beriladi. 6 sentyabr kuni yurtimizga qaytganingizda, ko‘plab sovrindorlarga mukofot berish baxti bizga nasib qilsin. A’lo mamlakatning a’lo farzandi, bilib qo‘yki, seni Vatan kutadi!” 

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Senati Raisi, O‘zbekiston velosport federatsiyasi prezidenti Tanzila Norboyeva Paralimpiya o‘yinlarida o‘zbekistonlik qizlarning ishtirokini alohida ta’kidladi.

“O‘zbekiston nomini jahonga tanitishda sportchilarning o‘rni katta. O‘zbekiston delegatsiyasi XVI Paralimpiya o‘yinlariga 55 ta litsenziyani qo‘lga kiritgan bo‘lsa, shulardan 21 nafarini qizlar tashkil etishi bizni quvontiradi. Paralimpiyachilarimiz sportning 8 turi bo‘yicha Tokiodagi musobaqalarda ishtirok etadi. Sizlarning har bir ishtirokingizni qalbimiz bilan his qilamiz, muxlislik qilamiz. Har biringizga muvaffaqiyat tilaymiz”, deydi Tanzila Norboyeva.

Para yengil atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Muhammad Rexsimov hamda Nurxon Qurbonova Paralimpiya o‘yinlarining tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston sport delegatsiyasining bayroqdorlari sifatida ishtirok etishi ma’lum qilindi.

Paralimpiyachilar nomidan so‘zga chiqqan Muhammad Rexsimov va Shaxnoza Mirzayeva Paralimpiya harakatiga qaratayotgan yuksak e’tibori uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga o‘z minnatdorligini izhor qilib, O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga yuqori natijalar bilan o‘z hissalarini qo‘shmoqchi ekanligini aytib o‘tdi.

Ma’lumot uchun, Rio-2016 Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan 32 nafar o‘zbekistonlik sportchi 8 ta oltin, 6 ta kumush va 17 ta bronza medal bilan umumjamoa hisobida 15-o‘rinni qo‘lga kiritgan edi. 

Tokio Paralimpiadasi joriy yilning 24 avgustidan 5 sentyabriga qadar davom etadi.


Maqola muallifi

Teglar

Tanzila Norboeva Abdulla Aripov Aziz Abduhakimov Tokio-2020 Paralimpiya o'yinlari Para sport

Baholaganlar

74

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing