Panjsher marshal Do‘stum bilan “Tolibon”ga yoqimsiz “syurpriz” tayyorlamoqda
Olam
−
09 Sentabr 2021
45959“Tolibon” rejimini ma’qullamagan sobiq afg‘on rasmiylari mamlakatning Milliy qarshilik frontini qo‘llab -quvvatlaydigan Kengash tuzadilar. Bu haqda Afg‘onistonning Tojikistondagi elchisi Muhammad Zahir Agbar Dushanbedagi matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Kengashni yaqin vaqtlarda chaqirish rejalashtirilgan.
“Afg‘onistonning siyosiy rahbarlari, shu jumladan marshal Abdul Rashid Do‘stum yaqinda Milliy qarshilik frontini qo‘llab-quvvatlash kengashini tuzadi”, deydi Agbar.
Diplomatning ta’kidlashicha, u mamlakatning yangi hukumati bilan ishlash niyatida emas. Endi u mamlakat sobiq vitse-prezidenti Amrulloh Solihning vakili bo‘lishini aytgan.
Agbar jahon hamjamiyatidan toliblarning Afg‘onistonda tuzgan hukumatini tan olmaslikka chaqirgan.
Bundan tashqari, matbuot anjumani vaqtida diplomat Amrulloh Solih jangarilarning Panjsherga hujumi vaqtida Tojikistonga qochganini rad etgan hamda Pokiston Afg‘oniston ishlariga aralashayotganini ta’kidlagan.
Avvalroq, Ahmad Mas’ud boshchiligidagi milliy qarshilik fronti toliblar hujumi sabab chekingani haqida xabar berilgandi. Ammo hududning asosiy qismi hamon qarshilik kuchlari nazoratida qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Afg‘onistonning obro‘li shaxslari "Tolibon" bilan muzokara o‘tkazish uchun yangi front tuzayotgani haqida xabar berilgandi.
Afg‘onistondagi vaziyat
AQSHning Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy operatsiyasi Prezident Jo Bayden davriga kelib yakunlandi. AQSH qo‘shinlari joriy yilning 31 avgust kuni mamlakatni tark etdi. Bunga qadar Yevropaning boshqa davlatlari, jumladan Britaniya va Germaniya ham mamlakatni tark etdi. Ushbu jarayon yakunlanmasidan “Tolibon” harakati poytaxt Qobulni egallab, joriy yilning 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasini qulatdi. 19 avgust kuniga kelib toliblar Afg‘oniston Islom Amirligi tuzulganini e’lon qildi.
LiveBarchasi