Panjikentlik o‘quvchi qiz Imomali Rahmon kortejini to‘xtatdi

Olam

image

Tojikistonning Panjikent shahrida yashovchi 10-sinf o‘quvchisi Xosiyat mamlakat Prezidenti Imomali Rahmonning kortejini to‘xtatib, unga xat berdi. Bu voqea 12 sentyabr kuni Rahmon So‘g‘d viloyatiga ishchi tashrif bilan borganda sodir bo‘ldi.

“Asia-Plus” nashrining xabar berishicha, odatda viloyatlarga tashriflar davomida fuqarolarning davlat rahbari bilan barcha uchrashuvlari oldindan kelishiladi va juda kam hollarda biror kishi Prezidentgacha shunchaki “yetib borishi” mumkin. Imomali Rahmon 12 sentyabr kuni Panjikentga Sarazm yodgorligining 5500 yilligi munosabati bilan tashrif buyurgan.

12 sentyabr kuni ertalab Panjikentlik qiz Xosiyat Olishova shaharning asosiy ko‘chasi — Rudakiy shohko‘chasi bo‘ylab harakatlanayotgan Hukumat kortejini ko‘rgan. Mashinalar besh yulduzli “Sarazm Plaza” mehmonxonasi oldida to‘xtagan, qiz yo‘lga yaqin kelgan va baland ovozda “Prezident qaysi mashinada?”, deb so‘ragan.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, davlat rahbarining tan soqchilari qizni to‘xtatmoqchi bo‘lgan, biroq Prezident qizni o‘tkazib yuborishni aytgan. Xosiyat o‘z maktubini Prezidentga bergan, keyin esa qiz Panjikent shahri ma’muriyatiga taklif qilingan.

Tojikiston Prezidenti matbuot kotibi Abdufattoh Sharifzodaning ma’lum qilishicha, haqiqatan ham shunday hodisa yuz bergan va Imomali Rahmon qiz yetim ekanligini va uning muammosini hal qilish kerakligini aytgan.

“Qizning maktubi Prezidentda turibdi. Maktab o‘quvchisi Prezident korteji tomonga borganda davlat rahbari qizni chaqirdi va uning maktubini qabul qildi”, deya ma’lum qilgan Sharifzoda.

Xosiyat o‘qiydigan Panjikent shahridagi 74-sonli maktab direktori Maqsuda Ahrorovaning aytishicha, u qiz va uning onasi bilan suhbatlashgan. Direktorning so‘zlariga ko‘ra, maktabdagi o‘qishlari yaxshi bo‘lgan Xosiyat o‘z maktubida yashash joyi bo‘yicha yordam so‘ragan, chunki qiz onasi bilan ijarada yashaydi. Qizning otasi uch oy avval vafot etgan, oila boquvchisiz qolgan.

Shaxsi noma’lum qolishini istagan shahar ma’muriyati vakilining ma’lum qilishicha, ular Xosiyat bilan suhbatlashgan va uning muammolarini eshitgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu oilaga byudjet mablag‘laridan 10 ming somoni (taxminan 1000 dollar) ajratilgan, shuningdek, un, yog‘, shakar va guruchdan iborat oziq-ovqat to‘plami berilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Tojikiston Imomali Rahmon

Baholaganlar

1068

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing