“Paxtakor-79” xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan o‘yinda do‘stlik g‘alaba qozondi
Sport
−
14 avgust 4889 1 daqiqa
Bugun, 14 avgust kuni Toshkentdagi “JAR” stadionida “Paxtakor-79” xotirasiga bag‘ishlangan faxriy futbolchilar o‘rtasidagi o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston va Rossiya futboli afsonalari ishtirok etdi.
Mazkur bahsda O‘zbekiston tarkibida Ignatiy Nesterov, Temur Kapadze, Ravshan Ermatov, Mirjalol Qosimov, Server Jeparov, Odil Ahmedov va boshqa ko‘plab o‘zbek futbolining afsonaviy yulduzlari maydonga tushdi.
Rossiyaliklar tarkibida esa Rinat Dasayev, Dmitriy Alenichev, Yegor Titov, Sergey Kiryakov hamda boshqa afsonalar o‘yinda qatnashgan.
O‘yin 2:2 hisobidagi durang natija bilan yakunlandi. Gollarga o‘zbek futboli afsonalaridan hozirda milliy terma jamoa bosh murabbiyi Timur Kapadze va O‘FAning birinchi vitse-prezidenti hamda Rossiya Futbol Ittifoqi ostidagi hakamlar ekspert komissiyasining doimiy a’zosi bo‘lgan Ravshan Ermatov mualliflik qildi. Rossiya tomonidan esa gollarni Vitaliy Buliga va Sergey Kiryakov kiritdi.
Ma’lumot uchun, Rossiya futboli Ukrainaga qilingan bosqin sababli 2022 yildan buyon FIFA va UEFA musobaqalaridan chetlatilgan. Shu bois, Rossiya terma jamoasi va klublari xalqaro turnirlarda ishtirok etmayapti.
Nodir Shukurov
Live
Barchasi