Paxta terimiga chiqmaganlarga bola puli berilmasligini aytgan rais jarimaga tortildi
3-sahifa
−
10 Oktabr
4008Qashqadaryo viloyatidagi mahalla raisining paxta terimiga chiqmaganlarga bola puli berilmasligi haqidagi ovozli xabari yuzasidan Davlat mehnat inspeksiyasi o‘rganish o‘tkazdi va rais salkam 19 million so‘m jarimaga tortildi. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, o‘rganish davomida Shahrisabz tumanidagi “Paxtakor” MFY raisi L.O‘roqov kecha, 9 oktyabr kuni Nushkent qishlog‘ining “Nushkent birlashaylik” Telegram-kanaliga ushbu ovozli xabarni yuborib, ishsiz fuqarolarni paxta yig‘im-terimiga chaqirgani, shundan so‘ng ular terimga kelgani ma’lum bo‘lgan.
Holat yuzasidan L.O‘roqovga nisbatan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 51-moddasi 1-qismiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari (18 750 000 so‘m) miqdorida jarima qo‘llangan.
“Unutmang! Mehnat kodeksining 5-moddasiga asosan majburiy mehnat taqiqlangan. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasiga muvofiq mehnatga biron-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlash bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi”, deyiladi vazirlik xabarida.
Bildirilishicha, xuddi shu harakat takroran yoki voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilsa, Jinoyat kodeksining 148²-moddasiga asosan javobgarlikka tortiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda fermerlarni paxtaning arzonroq narxiga rozi bo‘lishga majburlash holatlari kuzatilgani, klasterlar shartnoma asosida o‘z zimmasiga olgan xarajatlarning bir qismini hukumat soliq to‘lovchilarning gardaniga yuklashga qaror qilgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Holat yuzasidan Qishloq xo‘jaligi vazirligi tushuntirish berib, xabarni yetkazishda anglashilmovchilik yuzaga kelgani va xatoga yo‘l qo‘yilganini ma’lum qilgan.
LiveBarchasi
06 noyabr