Pakyao Parij-2024 Olimpiya o‘yinlarida qatnashmoqchi

Sport

image

Boks bo‘yicha 8 ta vaznda sobiq Jahon chempioni hisoblangan filippinlik Menni Pakyao 2024 yilda Parijda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlarida qatnashmoqchi. Bu haqda Filippin Olimpiya qo‘mitasi (POC) prezidenti Avraam Tolentino xabar berdi. 

“Pakyao va uning jamoasi Parijdagi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish istagida ekanini ma’lum qildi. Biroq, “senator” barcha sport turlari bo‘yicha sportchilar uchun 40 yosh chegarasi tufayli kelasi oy Xanchjou Osiyo o‘yinlarida qatnasha olmaydi”, deydi POC prezidenti.

Shuningdek, Tolentino Filippin boks alyanslari assotsiatsiyasi (ABAP) va xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOQ) bilan muzokaralar boshlaganini ma’lum qilgan. ABAP Pakyaoni terma jamoaga qabul qilishga va unga Olimpiada saralashida yordam berishga tayyorligini bildirgan.

Dekabr oyida 45 yoshga to‘lgan filippinlik 2024 yilga rejalashtirilgan ikkita saralash musobaqasi orqali o‘yinlarga yo‘llanma olishga harakat qilishi yoki XOQning maxsus taklifiga binoan bu imkoniyatni qo‘lga kiritishi mumkin. Parij Olimpiadasida Filippin nomidan 5 nafar ayol va to‘rt nafar erkak bokschi litsenziya orqali qatnashish huquqiga ega.

Ma’lumot uchun, 44 yoshli bokschi faoliyati davomida 72 marta ringga ko‘tarilgan bo‘lib, ularning 62 tasida g‘alaba, 2 ta durang va 8 ta mag‘lubiyat qayd etgan. Pakyao so‘ngi jangini 2021 yilning avgust oyida kubalik Jordenis Ugasga qarshi o‘tkazib, mag‘lub bo‘lgan edi. 2021 yilning sentyabrida filippinlik bokschi karerasini tugatganini e’lon qilgan. Sportchi 2007 yildan beri faol siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanadi va 2022 yilda Filippin prezidenti lavozimiga nomzodini qo‘ygan.


Maqola muallifi

Teglar

Pak'yao Parij-2024

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing