Diyora sportdagi karerasidan voz kechdimi?
Sport
−
27 fevral
35571Bugun, 27 fevral kuni Toshkent shahrida Parij-2024 Olimpiadasi chempioni Diyora Keldiyorova nomidagi dzyudo markazi ish boshladi.
Ochilish marosimida Xalqaro dzyudo federatsiyasi prezidenti Marius Vizer, Sport vaziri Adham Ikromov, Milliy Olimpiya qo‘mitasi (MOQ) raisi o‘rinbosari Otabek Umarov va Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori o‘rinbosari, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva ishtirok etdi.
Vizer, Umarov va Mirziyoyeva qizil lentani kesib, Diyora Keldiyorova nomidagi sport markazini ochib berdi.
Tadbirda IJF rahbari Marius Vizer so‘zga chiqib, oxirgi yillarda O‘zbekistonda dzyudoga qaratilayotgan e’tibor haqida ijobiy fikrlarni bildirdi. Sport vaziri Adham Ikromov va Olimpiada chempioni Diyora Keldiyorova ham so‘z olib, kelgusida aynan mana shu markazda dzyudo bo‘yicha Olimpiada va jahon chempionlari yetishib chiqishiga ishonch bildirdi.
Tadbir yosh dzyudochilar va raqs guruhlarining chiqishlariga ulanib ketdi. Marosim yakunida sport mutasaddilari yosh dzyudochilarga esdalik sovg‘alarini topshirdi.
QALAMPIR.UZ esa Ijtimoiy himoya milliy agentligida, ya’ni davlat ishida ishlaydigan va mana endi o‘z sport klubiga ega bo‘lgan Diyora Keldiyorovaning keyingi faoliyatiga qiziqdi.
Tabiiyki, Olimpiada chempioni bo‘lganidan so‘ng Keldiyorovaning kunlik yuklamasi ko‘payib qolgan. Barchasiga ulgurish va bu orada sport faoliyatini ham olib borish Keldiyorovaga qiyinchilik tug‘dirmaydimi?
“O‘z kareram men uchun doim birinchi o‘rinda turadi. Bu sport markazida boshqa murabbiylar faoliyat olib boradi, men esa bo‘sh vaqtlarimda kelib yosh sportchilarga master-klasslar o‘tib berib turaman. Men orqali ozmi-ko‘pmi yoshlar dzyudoga qiziqishni boshladi. Ularga doimiy motivatsiya berib turishga harakat qilaman. Davlat ishida ishlashim mashg‘ulotlarimga ta’sir qilmaydi”, deydi Keldiyorova.
Parij Olimpiadasida o‘zbek dzyudosi tarixidagi eng yaxshi natija qayd etildi. O‘zbekistonlik dzyudochilar naqd 3 ta medalni delegatsiya hisobiga yozdirib qo‘ydi. Yaratilayotgan yangi sharoitlarni ko‘rib, sport ixlosmandlari keyingi Olimpiadalarda dzyudochilardan yanada ko‘proq medal kutishi tabiiy holat. Jumladan, yangi sport markazi ham natijalar o‘sishiga o‘z ko‘magini berishi kutilmoqda.
Biroz majozni ishga solib aytish mumkinki, katta mablag‘lar sarflanib, urug‘lar ekilmoqda, hosil qay darajada mo‘l olishini 2028 yilda ko‘ramiz.
LiveBarchasi
20 mart
Temu O‘zbekistonda bloklandi.
20 mart