Ozodlikdan mahrum etilganlarga yangi huquq beriladi
Jamiyat
−
18 dekabr
8720O‘zbekistonda ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarning masofali videouchrashuvga bo‘lgan huquqi ta’minlanishi mumkin. Bu haqdagi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining kecha, 17 dekabrdagi majlisida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilib, qabul qilindi.
Ushbu qonun loyihasi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etish orqali ularni jamiyatdan uzilib qolmasligini ta’minlash, jazoni o‘tab chiqqanidan so‘ng jamiyatga qayta moslashishiga ko‘maklashish maqsadida ishlab chiqilgan.
Qonun loyihasi bilan Jinoyat-ijroiya kodeksining tegishli moddalariga Ichki ishlar vazirligi tasarrufidagi barcha jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarga masofadan video-uchrashuv huquqini berish orqali o‘z yaqinlari bilan onlayn uchrashish imkoniyatini yaratishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Bunda masofali video-uchrashuv soni jazoni o‘tash tartibotiga qarab belgilanadi.
Loyihada manzil-koloniyalar hamda tarbiya koloniyalaridagi mahkumlarning yil mobaynida 24 marta masofali videouchrashuvlar olish huquqiga egaligi belgilanmoqda.
Qonun tashabbuskorlarining fikricha loyihadagi mazkur o‘zgartirishlar jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarning masofali videouchrashuv yo‘li bilan oila a’zolari va yaqinlari bilan doimiy aloqalarini ta’minlash va oilaviy munosabatlarini saqlab qolishga, shuningdek, tuzalish yo‘liga o‘tishiga ko‘maklashishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 2025 yil 1 yanvardan e’tiboran uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llanilgan hamda ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan shaxslarning ehtiyot chorasi va jazoni ijro etish joyida bo‘lishini real vaqt rejimida masofadan turib nazorat qilish tartibi amaliyotga bosqichma-bosqich joriy etilishi xabar qilingandi.
LiveBarchasi