Ozodlik maydoniga snaryad tashlandi (video)
Olam
−
01 mart 2022
17166Bugun, 1 mart kuni ertalab Xarkov viloyati hokimligi binosi oldidagi Ozodlik maydonida portlash sodir bo‘ldi. Bu haqda UNIAN nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Ozodlik maydoni Yevropadagi eng yirik maydonlardan biri hisoblanadi. U yerda Xarkov viloyati hokimligi binosi joylashgan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligiga ko‘ra, kelib tushgan snaryadlar tufayli Xarkov viloyati hokimligi binosi, Opera teatri, filarmoniya va turar-joy massivining bir qismiga (asosan, 4-5 qavatli turar-joy binolari)ga zarar yetgan.
Qurbonlar va jarohatlanganlar haqida hozircha ma’lumot yo‘q. Xarkovliklardan boshpanalarini tark etmaslik so‘ralgan.
Viloyat hokimligi rahbari Oleg Sinigubovning ma’lum qilishicha, tunda Lipetsk, Belgorod, Chuguyev va boshqa yo‘nalishlarda tartibsiz o‘q otishlar kuzatilgan.
"Kun davomida viloyat o‘t o‘chiruvchilari tomonidan dushmanning o‘q otishi natijasida yuzaga kelgan 24 ta yong‘in bartaraf etildi. O‘nlab fuqarolarning avtomobillari yonib ketdi, Rogan qishlog‘ida o‘q otilishi ortidan turar-joy binosi yonib ketdi, unda 1 kishi tan jarohati oldi, 1 kishi halok bo‘ldi. Kolsevaya ko‘chasidagi otishma oqibatida esa 8 kishi tan jarohati oldi, 35 kishi evakuatsiya qilindi. Izyum va Xarkov tumanlarida uylar yonib ketdi”, deb yozgan u.
Sinigubovga ko‘ra, 1 mart kuni aviatsiya ishtirokida artilleriya otishmalari va portlash uyushtirilishi ham kutilmoqda.
Avvalroq, Rossiya harbiylari mudofaasini yorib o‘tishga urinayotgan Ukraina poytaxti Kiyev yaqinidagi xususiy “Adonis” tug‘uruq kompleksi hujumga uchragandi.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.
Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.
Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
LiveBarchasi