Ozoda Nursaidova O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvonini oldi
Madaniyat-san’at
−
24 avgust
11796O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, adabiyot, madaniyat, san’at sohalari va ommaviy axborot vositalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni imzolandi.
Farmonga ko‘ra, xonanda Ozoda Nursaidova O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist unvonini oldi. Shuningdek, u bilan qatorda Alibek Kabdurahmanov va Dilnoza Ortiqova ham ushbu unvonni olganlar ro‘yxatidan joy olgan.
Xonanda Ozoda Nursaidova “Ozoda Saidzoda” taxallusi bilan ham ijod qilgan. 2000 yili yaratilgan “Ketma“ qo‘shig‘i unga chinakamiga omad keltiradi. Undan keyin yaratilgan “Asrasin“ va “Endi men ketaman“ nomli qo‘shiqlari ham xonandaning mashhurlikka erishishiga sabab bo‘ladi. 2001 yili o‘tkazilgan “Tarona“ taqdimotida u “Yilning eng yaxshi qo‘shig‘i“ nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritadi. Xonanda 15 yil mobaynida ijodiy taqiqlar sabab omma e’tiboridan chetda bo‘lishga majbur bo‘ldi. Ko‘plab xit musiqalar muallifining “Ko‘k jiguli” taronasi YouTube’da ko‘rishlar soni bo‘yicha rekordni qayd etdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq taniqli estrada xonandasi Sevara Nazarxon O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti unvoni bilan taqdirlangani xabar qilingandi.