Dilorom Toshmuhamedova doimiy asosda ishlovchi senator bo‘ladi
Jamiyat
−
14 fevral 2020
8427Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Dilorom Toshmuhamedova Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi direktori lavozimidan ozod etilgani haqida xabar bergan edik.
2018 yil 11 sentyabrdan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi direktori sifatida ishlab kelgan Dilorom Toshmuhamedova Vazirlar Mahkamasining 14 fevraldagi qaroriga muvofiq, boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod qilindi.
Toshmuhamedova bundan buyon doimiy asosda ishlovchi senator sifatida Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari sifatida faoliyatini davom ettirishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Dilorom Toshmuhamedova 2001-2004 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, 2005-2008 yillarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi rahbari, O‘zbekiston “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi Birinchi kotibi sifatida faoliyat yuritgan. 2008-2014 yillarda Qonunchilik palatasi Spikeri sifatida faoliyat olib borgan.
Dilorom Toshmuhamedova 2019 yilda bo‘lib o‘tgan saylovlarda O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tomonidan nomzodi ko‘rsatilgan va Toshkent shahar kengashi deputati etib saylangan. 2020 yil 17 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Xalq deputatlari Toshkent shahar va tuman Kengashi deputatlarining qo‘shma majlisida senator etib tayinlangan edi.
U 2007 yilda o‘tkazilgan Prezident saylovida "Adolat" sotsial-demokratik partiyasidan Islom Karimovga raqib bo‘lgan edi. Toshmuhamedova mamlakatda Prezidentlikka nomzodini qo‘ygan yagona ayol nomzod sanaladi.
LiveBarchasi