Dilorom Toshmuhamedova toshkentlik tadbirkorlar muammosini Senatda ko‘tardi
Jamiyat
−
20 noyabr 2020
9275O‘zbekistonda, jumladan poytaxt Toshkentda allaqachon bo‘sh turgan binolar va yerlarni tadbirkorlar auksion orqali sotish tartibi o‘rnatilganiga qaramay, hamon yuqori ishlab chiqarish quvvatiga va zamonaviy tadbirkorlik salohiyatiga ega bo‘lgan yuridik shaxslar, asosan kichik va o‘rta biznes sub’ektlari auksion orqali yer olishda qator muammolarga duch kelmoqda yoki mavjud “yog‘li” yerlar auksionga qo‘yilmayoq egasini topyapti. Bu e’tirozlar tadbirkorlar orasida tarqalganiga ancha bo‘ldi. Bugun esa Oliy Majlis Senatining 9-yalpi majlisida yana byuir bor muhokamaga qo‘yildi.
Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi a’zosi – senator Dilorom Toshmuhamedova Senat yalpi majlisida so‘z olib, bugun tadbirkorlarni qiynayotgan muammolar, xususan yer olishdagi qiyinchiliklarga e’tibor qaratishni so‘radi. U tadbirkorlar o‘rnatilgan tartibda auksiondan yer sotib ololmayotganini aytdi.
“Tadbirkorlarga nima kerak? Ularga tadbirkorlik qilish uchun yer va pul kerak. Shu masalada, Toshkent shahridagi deputatlar bilan ko‘rishganimda, tadbirkorlar yerlarni auksion orqali sotib ololmayotganini, auksionlar ishlamayotganini aytdi”, senator deydi Dilorom Toshmuhamedova.
Toshmuhamedovaning ayol boshi bilan ko‘targan katta masalaga Kadastr agentligi direktori o‘rinbosari Abdushukur Abdullayev javob berdi. Uning ta’kidlashicha, ushbu tizimni qo‘llash boshlanganida ma’lum kamchiliklar va sustkashliklar kuzatilgan.
“Xabarimiz bor, birinchi marta bu narsani qo‘llay boshlaganimizda tizimning ishlashida juda sustkashlik kuzatildi. Bu bir-ikkita masalalar qatori axborot tizimini takomillashtirish kerakligi va fuqarolar mana shu ko‘tarilayotgan masalani to‘g‘ri tushunib, bundan foydalana olishi kerakligi edi”, deydi Abdullayev.
Abdullayevga ko‘ra, auksionga qo‘yilgan yerlar bozor narxiga nisbatan 5-10 baravar past narxlarda sotilgan holatlar ham mavjud. Ta’kidlanishicha, bunday holatlar tadbirkorlar va deputatlar bilan uchrashuvlarda o‘rganilgan.
“Mana shu jarayonda ishtirok etuvchi, ruxsat va xulosa berishi kerak bo‘lgan tashkilotlar soni ikki baravar qisqartirildi. Tizimdagi jarayonlarda ham ikki, ikki yarim baravar vaqt tejaladigan bo‘ldi. Odatda, auksionga kadastr idorasi xodimlari aniqlagan bo‘sh yerlar qo‘yilardi. Endi fuqaro va tadbirkorlarning o‘zi bo‘sh turgan yer maydonlarini ko‘rsa, rasmga olib, mana shu tizimga kiritishi mumkin bo‘lgan yangi mexanizm joriy qilindi”, deydi Kadastr agentligi direktori o‘rinbosari.
Eslatib o‘tamiz, bugun dolzarb bo‘lib turgan ushbu masala O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 28 oktyabr kuni yig‘ilish o‘tkazgan edi. Unda bo‘sh yer va inshootlarni xatlovdan o‘tkazib, korxonalar ehtiyojidan ortig‘ini auksionga chiqarish zarurligi aytildi. Avval qabul qilingan qarorlar doirasidagi hamda sotish vakolati viloyat hokimlariga berilgan davlat ob’ektlarini xususiylashtirib, yangi ish o‘rinlari tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
“Ochiq aytish kerak: oldin ham xususiylashtirish bo‘yicha ko‘plab qarorlar qabul qilingan. Lekin birorta rahbar pastga tushib, bu sohadagi bilim va metodikani joylarga yetkazmagani sababli ko‘p korxona va ob’ektlar sotilmasdan turibdi, na davlatga, na tadbirkorga naf keltiryapti”, degan edi Shavkat Mirziyoyev.
Ma’lumot o‘rnida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh turgan yer uchastkalari tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun faqat “E-IJRO AUKSION” savdo maydonchasida elektron onlayn-auksion orqali berilishi Prezidentning 2019 yil 26 avgustda imzolagan “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh turgan yer uchastkalarini berish hamda arxitektura-qurilish ishlarini amalga oshirish tartib-taomillarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan edi.
Vazirlar Mahkamasi ushbu qarorning ijrosini ta’minlash maqsadida 2019 yilning 20 dekbar kuni “Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun bo‘sh turgan yer uchastkalarini berish tartib-taomillarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Qaror bilan “Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali berish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlandi.
LiveBarchasi