Dilorom Toshmuhamedova O‘zbekistonda yashirib kelinadigan ma’lumotlarni aytib yubordi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda har beshinchi bola asorat bilan tug‘ilyapti. Bu haqda bugun, 4 avgust kuni Senatning yigirma to‘qqizinchi yalpi majlisida Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Dilorom Toshmuhamedova so‘z ochdi. 

Majlisda “O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi. Unda asosiy masala nikohlanish oldidan tibbiy ko‘rikdan o‘tish bo‘ldi. 

“Oila masalalariga oid qonunchilikka biz nihoyatda katta mas’uliyat bilan yondashishimiz kerak”, deydi asli kasbi vrach bo‘lgan Toshmuhamedova. 

Ma’lumki, amaldagi Oila kodeksining 147-moddasida nikohlanuvchi shaxslar tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kerakligi belgilab qo‘yilgan. Toshmuhamedova ushbu mavzuga to‘xtalarkan, tartibni chetlab o‘tishga urinadigan yoshlar va hatto, ota-onalar borligini aytadi. Boshqa tomondan esa hududlarda shifokorlar yetishmovchiligi ham mavjud. 

“Tibbiy ko‘rik formal o‘tkazilishi, shifokorlar, ayniqsa, psixiatr, narkologlar yetishmasligi, moddiy-texnik bazada muammolar borligi, zamonaviy tibbiy uskunalar yo‘qligi, afsuski, tibbiy-genetik maslahatlar respublikamizning barcha hududlarini to‘liq qamrab olmaganligini aytganmiz. Bu borada Vazirlar Mahkamasining javobini ham oldik, lekin, afsus javobda qator choralar amalga oshirilishini aytib o‘tishgan. Lekin parlament so‘rovida ko‘tarilgan masalalar to‘liq bajarildi, deyishdan yiroqman”, deydi senator. 

Uning qayd etishicha, oxirgi yillarda oilaviy ajrimlar ko‘p foizi oila salomatligi, bepushtlik va kasal bola tug‘ilishi bilan bog‘liq. 

“Men Sog‘liqni saqlash vazirligi mutassaddi rahbarining fikrlarini aytib o‘tmoqchiman. 2021 yilda 910 mingdan ortiq bola tug‘ilgan bo‘lsa, shundan 170 ming nafari asoratli tug‘uruq bilan dunyoga kelgan. Bu deyarli 20 foiz. Demak, har beshinchi bola asoratli tug‘ilyapti. Bu raqamlarga alohida e’tibor qaratish kerak”, deydi Toshmuhamedova.

Odatda O‘zbekiston Republikasi Sog‘liq saqlash vazirligi va boshqa mutassaddi idoralar mamlakatda asoratli tug‘uruqlar, nogiron bolalar dunyoga kelishi bilan bog‘liq aniq raqamlarni yashirib keladi. 

 


Maqola muallifi

Teglar

Dilorom Toshmuhamedova

Baholaganlar

7229

Reyting

3.6

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing