Ozarbayjonning temir mushti arman fashizmining belini sindirib tashlaydi – Aliyev
Olam
−
11 dekabr 2020
6128Agar bundan keyin ham arman fashizmi qayta bosh ko‘tarsa, oqibat bir xil bo‘ladi: Ozarbayjonning temir mushti yana ularning bellarini sindirib tashlaydi. Bu haqda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev kecha, 10 dekabr kuni G‘alaba paradidagi nutqida so‘z ochdi.
Mamlakatni otasi vafotidan keyin 17 yildan beri boshqarib kelayotgan Prezident Ilhom Aliyev Tog‘li Qorabog‘da erishilgan g‘alabaning tarixiy ahamiyatga egaligini ta’kidlab, Ozarbayjon yillar davomida temir musht hosil qilganini aytdi.
“Ushbu g‘alaba tarixiy ahamiyatga ega. Ozarbayjon xalqi bu kunlarni taxminan 30 yil kutgan, deyarli 30 yil davomida Oliy qo‘mondonning buyrug‘ini kutib yashagan. Ozarbayjon xalqiga murojaat qilib, men yana ham kuchliroq bo‘lishimiz kerakligini ta’kidladim. Hayot shuni ko‘rsatdiki, biz barcha qadamlarni o‘z vaqtida tashlab, barcha kuchlarni safarbar etib, temir musht hosil qildik va u bilan dushmanning boshini yordik. Urush paytida temir mushtimiz birdamligimizni ham, kuchimizni ham ifodalaydi, dedim. Ushbu temir musht oxir-oqibat dushmanning boshini majag‘ladi”, dedi Prezident.
Ilhom Aliyev so‘zida davom etar ekan, agar bundan keyin ham arman fashizmi qayta bosh ko‘tarsa, Ozarbayjonning temir mushti yana ularning bellarini sindirib tashlashini aytib, dag‘dag‘a qildi.
“Bugun biz ushbu bayramni qahramon xalq sifatida nishonlaymiz. G‘olib Ozarbayjon armiyasi o‘zining tarixiy vazifasini bajardi, Armanistonni mag‘lub etdi. Armaniston armiyasi, balki buni rad etishi mumkin, ammo ular butunlay yo‘q qilindi, vayron qilindi. Agar bundan keyin ham arman fashizmi qayta bosh ko‘tarsa, oqibat bir xil bo‘ladi: Ozarbayjonning temir mushti yana ularning bellarini sindirib tashlaydi”, deydi Aliyev ulkan ishonch bilan Turkiya Prezidentining yonida.
Avval xabar berilganidek, Ozodlik maydonida “Bir millat, ikki davlat” shiori ostida o‘tgan G‘alaba paradida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Birinchi xonim Emine Erdo‘g‘an ham qatnashdi. Marosim o‘tkazilgan hududga ham Ozarbayjon va Turkiya bayroqlari joylashtirildi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27 sentyabr kuni Armaniston va Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘da harbiy harakatlarni boshlagandi. Har ikki tomon ham bir-birini tashviqotda ayblab, to‘liq yoki qisman harbiy safarbarlik e’lon qilgandi.
Joriy yilning 9 noyabr kuni Rossiya va Ozarbayjon Prezidentlari Vladimir Putin, Ilhom Aliyev hamda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatish to‘g‘risida qo‘shma bayonotni imzoladilar.
Bayonotga ko‘ra, Armaniston va Ozarbayjon egallab turgan pozitsiyalarida to‘xtadi, keyin bir qator tumanlar Baku nazorati ostiga o‘tishi belgilandi. Sulhga ko‘ra, tomonlar o‘zaro asirlar, yaradorlar va halok bo‘lganlarning jasadlarini almashishni allaqachon boshladi.
Shuningdek, 1960 kishidan iborat Rossiya tinchlikparvar kuchlari aloqa liniyasi va Qorabog‘ni Armaniston bilan bog‘laydigan Lochin yo‘lagi bo‘ylab joylashtirildi.
Keyinchalik, Rossiya harbiylari Tog‘li Qorabog‘da tinchlikparvar kuchlar nazoratidagi hududlarda minalardan tozalash ishlarini davom ettirayotgani xabar qilindi.
Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Rossiya qo‘shinlari Qorabog‘da besh yildan ko‘proq qolishidan umidvorligini bildirdi. Pashinyan TASS nashriga bergan intervyusida ushbu besh yillik davr nimaga asoslanib belgilangani va shu vaqt ichida nimalar qilish kerakligi haqida gapirdi.
Pashinyanga ko‘ra, Rossiya tinchlikparvar kuchlari mintaqada xavfsizlik va barqarorlik kafolatlarini yaratishi zarur. Uning qo‘shimcha qilishicha, RTKning Tog‘li Qorabog‘da bo‘lish muddati besh yil bilan cheklanib qolmaydi.
LiveBarchasi