Ozarbayjon va Armaniston vazirlari Jenevada uchrashdi. Armaniston ko‘ngandek bo‘lyapti
Olam
−
03 Oktabr 2022
4518Ozarbayjon tomoni Armaniston bilan chegarani delimitatsiya qilish bo‘yicha ikki tomonlama komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini noyabrdan oktyabrga ko‘chirishni taklif qildi. Bu haqda bugun, 3 oktyabr kuni Ozarbayjon va Armaniston Tashqi ishlar vazirlari Jayhun Bayramov va Ararat Mirzoyanning Jenevada bo‘lib o‘tgan uchrashuvi yakunlari bo‘yicha respublika Tashqi ishlar vazirligi tomonidan e’lon qilingan bayonotida aytiladi.
“Delimitatsiya qilinmagan chegaradagi keskinlikni hisobga olgan holda, Ozarbayjon yig‘ilishda delimitatsiya bo‘yicha ikki tomonlama komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini avval kelishib olinganidek, noyabrda emas, balki joriy yilning oktyabr oyida o‘tkazishni taklif qildi”, deyiladi xabarda.
Hujjatda ta’kidlanishicha, Tashqi ishlar vazirlarining kecha, 2 oktyabr kuni Jenevada bo‘lib o‘tgan uchrashuvi Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida tinchlik shartnomasi matnini tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatmaga muvofiq tashkil etilgan. Bu haqda Tashqi ishlar vazirlari 31 avgust kuni Bryusselda ikki davlat rahbarlari Ilhom Aliyev va Nikol Pashinyanning Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel ishtirokida bo‘lib o‘tgan muzokaralari yakunlari bo‘yicha ko‘rsatma bergan.
“Vazir Jayhun Bayramov mojarodan keyingi davrda Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi davlatlararo munosabatlarni tartibga solish va tinchlik shartnomasini imzolashga sa’y-harakatlarni qaratish muhimligini ta’kidladi. Shu nuqtai nazardan, vazir Armaniston tomoni e’tiboriga Ozarbayjon taklif qilgan beshta asosiy tamoyilga asoslangan (tinchlik) shartnoma elementlarini batafsil bayon qildi”, deyiladi TIV xabarida.
Qayd etilishicha, Bayramov Ozarbayjon, Armaniston va Rossiya rahbarlari tomonidan imzolangan uch tomonlama bayonotlarga muvofiq, Armaniston qurolli kuchlarini Ozarbayjon hududidan to‘liq olib chiqib ketish, transport va aloqa liniyalarini imkon qadar tezroq ochish zarurligini ta’kidlagan.
“Vazir Jayhun Bayramov Ozarbayjonning mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash tarafdori va tinchlik shartnomasini imzolashga tayyorligini yana bir bor ma’lum qildi. Uchrashuvda bu yo‘nalishdagi muhokamalarni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi”, deyiladi Ozarbayjon TIV bayonotida.
Joriy yilning 13 sentyabriga o‘tar kechasi Armaniston Mudofaa vazirligi Ozarbayjon Qurolli kuchlari mamlakatning aholi punktlarini o‘qqa tutganini ma’lum qildi. Bakuning qayd etishicha, bu Yerevanning provokatsiyalariga javobdir. Keyinroq Ozarbayjon o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvlarga erishgani haqida xabar berdi.
To‘qnashuvlarda Ozarbayjon tomonidan 77 nafar, Armanistondan 105 nafar harbiy halok bo‘lgani aytildi.
Qorabog‘ urushi
1990-yillar boshida mintaqa qurolli mojaro bilan qamrab olingandi: Armaniston Ozarbayjonga qarshi agressiv harbiy harakatlarini boshladi, bu bilan Ozarbayjon hududlarini bosib olishga oid azaliy rejalarini amalga oshirishga kirishdi. Mazkur rejaning markaziy qismi Qorabog‘ni Ozarbayjondan bir tomonlama ajratib olish va uni Armaniston tarkibiga qo‘shib olish bo‘lgan. Natijada Armaniston mazkur mintaqani, jumladan, Xo‘jali va Ozarbayjonning boshqa yettita tumanini ishg‘ol etdi. Ushbu agressiyaning oqibati sifatida urush 30 ming insonning boshiga yetdi. Bir millionga yaqin ozarbayjonliklar qochoqqa va majburiy ko‘chmanchiga aylandi, minglab odamlar dom-daraksiz yo‘qoldi.
Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib oldi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi.
Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan “Bayraktar” uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.
44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2, 9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.
LiveBarchasi