Ozarbayjon va Armaniston hududiy da’volaridan voz kechadi

Olam

image

Kecha, 11 avgust kuni Ozarbayjon va Armaniston tinchlik bitimi matnini e’lon qildi. Unda ular bir-biriga nisbatan hududiy da’volardan voz kechishi belgilangan. Ushbu hujjat Armaniston va Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirliklari rasmiy saytida joylashtirilgan.

Ushbu tinchlik bitimi 17 moddadan iborat. U hali imzolanmagan va ratifikatsiya qilinmagan. Quyida uning tarjimasi keltiriladi. Hujjat o‘zaro yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini o‘rnatishga intilishini ifoda etib, tomonlar quyidagi asosda tinchlik va o‘zaro davlatlararo munosabatlarni o‘rnatishga kelishadi:

1-modda. Tomonlar bir-birining suverenitetini, hududiy yaxlitligini, chegaralarning daxlsizligini va siyosiy mustaqilligini tan oladi va hurmat qiladi.

2-modda. Tomonlar bir-birlariga hududiy da’volarga ega emasliklarini tasdiqlaydi va kelajakda bunday da’volarni ilgari surmaydi. Ular bir-birining hududiy yaxlitligini buzishga qaratilgan hech qanday harakat qilmaslik majburiyatini oladi.

3-modda. Tomonlar kuch bilan tahdid qilishdan tiyiladi. Ular o‘z hududlaridan uchinchi davlat tomonidan bir-birlariga qarshi kuch ishlatilishiga yo‘l qo‘ymaydi.

4-modda. Tomonlar bir-birining ichki ishlariga aralashishdan tiyiladi.

5-modda. Tinchlik bitimi bo‘yicha ratifikatsiya hujjatlari almashinilgandan so‘ng tomonlar _ kun ichida (e’lon qilingan hujjatga ko‘ra aniq muddat hozircha belgilanmagan) diplomatik munosabatlar o‘rnatadi.

6-modda. Tomonlar davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha kelishuvga erishish uchun chegara komissiyalari ishtirokida vijdonan muzokaralar olib boradi.

7-modda. Tomonlar umumiy chegara bo‘ylab uchinchi mamlakatlarning qurolli kuchlarini joylashtirmaydi. Delimitatsiya va keyingi demarkatsiyadan oldin chegaradosh hududlarda barqarorlikni ta’minlash maqsadida, jumladan, harbiy sohada ham, o‘zaro kelishilgan xavfsizlik va ishonchni mustahkamlash choralari qabul qilinadi.

8-modda. Tomonlar murosasizlik, irqiy nafrat va kamsitish, separatizm, zo‘ravon ekstremizm va terrorizmning barcha ko‘rinishlarini qoralaydi va ularga qarshi kurashadi, shuningdek, xalqaro majburiyatlarni bajarishga rozi bo‘ladi.

9-modda. Qurolli to‘qnashuvlar chog‘ida bedarak yo‘qolgan shaxslar masalalari ikki tomon ishtirokida hal qilinadi. Ular barcha ma’lumotlar bilan bevosita yoki xalqaro tashkilotlar hamkorligida almashadi. Tomonlar yo‘qolgan shaxslarning taqdirini aniqlash va adolatni ta’minlash – yarashuv va ishonchni mustahkamlash vositasi sifatida muhimligini tan oladi.

10-modda. Tomonlar iqtisodiy, transport, ekologik, gumanitar va madaniy hamkorlikni o‘z ichiga olgan turli sohalarda bitimlar tuzishlari mumkin.

11-modda. Ushbu bitim tomonlarning BMTga a’zo boshqa davlatlar bilan tuzilgan shartnomalardagi huquq va majburiyatlarini cheklamaydi. Ammo mavjud xalqaro bitimlar tomonlarning ushbu tinchlik bitimi bo‘yicha majburiyatlarini buzmasligi lozim.

12-modda. Tomonlar o‘zaro munosabatlarda xalqaro huquq normalari va ushbu bitimga amal qiladi. Hech kim o‘z ichki qonunchiligidagi qoidalarni asos sifatida ko‘rsatishga haqli emas. Tomonlar bitim kuchga kirguniga qadar uning maqsadi va mazmunini buzadigan harakatlardan tiyiladi.

13-modda. Tomonlar tinchlik bitimining ijrosini nazorat qilish uchun ikki tomonlama komissiya tuzadi. U o‘z faoliyatini ikki tomon kelishgan tartib asosida olib boradi.

14-modda. Tomonlar tinchlik bitimiga oid har qanday nizolarni bevosita maslahatlashuv yo‘li bilan hal qilishga intiladi. Agar ular olti oy ichida qoniqarli natijaga erishmasa, tomonlar nizolarni tinch yo‘l bilan hal etishning boshqa usullarini izlaydi.

15-modda. Tinchlik bitimi kuchga kirganidan keyin bir oy ichida tomonlar barcha davlatlararo da’volarni har qanday yuridik instansiyada qaytarib olishi va hal qilishi lozim. Ular kelajakda bunday da’volarni boshlamaslik, uchinchi tomonlarning bir-birlariga qarshi ishlarida ishtirok etmaslik va har qanday sohada dushmanona harakatlarni rag‘batlantirmaslik majburiyatini oladi.

16-modda. Tinchlik bitimi tomonlar milliy qonunchiligida nazarda tutilgan ichki jarayonlar tugallangani haqidagi bildirishnomalar almashilgan paytdan kuchga kiradi.

17-modda. Bitim arman, ozarbayjon va ingliz tillarida tuzilgan. Uchala matn teng kuchga ega, ammo har qanday qoidaning ma’nosi yuzasidan kelishmovchilik yuzaga kelganda inglizcha variant ustun kuchga ega bo‘ladi.

Qayd etish joiz, ushbu hujjat kuchga kirishi uchun uni ikki mamlakat rahbarlari imzolashi va parlamentlari ratifikatsiya qilishi lozim. 

Ma’lumot uchun, Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi yomonlashuv asosan Qorabog‘ mojarosidan kelib chiqqan. Sovet davrida Tog‘li Qorabog‘ Ozarbayjon tarkibida bo‘lsa-da, aholining katta qismi armanlardan iborat edi. 1980 yillarning oxirida SSSR parchalana boshlaganda, arman millatchilari hududni Armanistonga qo‘shishni talab qildi, bu esa millatlararo keskinlikni kuchaytirdi. 

1988 yilda qurolli to‘qnashuvlar boshlandi, 1991 yilda urushga aylanib, 1994 yilda Rossiya vositachiligida Bishkek sulhi imzolandi. Natijada arman kuchlari Tog‘li Qorabog‘ va atrofidagi 7 tumanni egallab oldi, Ozarbayjon esa bu hududlarni bosib olingan, deb hisoblab keldi. 2020 yilning sentyabr-noyabr oylarida 44 kunlik urush bo‘lib, Ozarbayjon Turkiya yordami va zamonaviy qurollar yordamida katta hududlarni, jumladan Shusha shahrini qaytarib oldi. Rossiya vositachiligida sulh tuzilib, Armaniston Qorabog‘dan tashqari uch tumanni Ozarbayjonga topshirdi. 

2023 yil sentyabrda Ozarbayjon “antiterror operatsiyasi” orqali butun Tog‘li Qorabog‘ ustidan to‘liq nazorat o‘rnatdi va hududdagi arman aholisi deyarli to‘liq Armanistonga ko‘chib ketdi. Hozirda yomonlashuvning asosiy sabablari chegara masalalarining hal qilinmagani, yillar davomida urush va milliy adovat tufayli o‘zaro ishonchsizlikning yuqoriligi, Zangezur koridori bo‘yicha kelishmovchiliklar va geosiyosiy omillardir.

Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjon va Armaniston kecha, 8 avgust kuni AQSH vositachiligida AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuv chog‘ida ko‘p yillik mojarolardan so‘ng ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni rivojlantiruvchi va ularni o‘zaro munosabatlarni to‘liq normallashtirishga olib keladigan tinchlik bitimini imzolagandi. Trampning aytishicha, ikki davlat urushni to‘xtatish, diplomatik munosabatlarni ochish va bir-birining hududiy yaxlitligini hurmat qilish majburiyatini olgan.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon Armaniston tinchlik bitimi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing