Ozarbayjon o‘z nazoratidagi hududlarni nomlash masalasida Google’ga murojaat qildi 

Olam

image

Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi rasmiy diplomatik kanallar orqali Google kompaniyasiga Qorabog‘dagi Baku nazoratidagi hududlarning armancha nomlarini qo‘llashdan voz kechish iltimosi bilan murojaat qildi. Bu haqda TIV matbuot xizmati rahbari Leyla Abdullayeva ma’lum qildi.  

Ta’kidlanishicha, hozirda Google Maps ilovasida Qorabog‘ning Ozarbayjon nazoratidagi shahar va viloyatlari nomlari ozar va arman tillarida ko‘rsatilgan. 

“Google Maps ilovasida Ozarbayjonning Qorabog‘ viloyati nomlarini ozarbayjon tilida ko‘rsatish bilan bir qatorda Google kompaniyasiga rasmiy diplomatik kanallar orqali arman tilida soxta ismlarni ko‘rsatish masalasi ko‘tarilgan. Kompaniya rahbariyatiga xat yuborilib, unda Ozarbayjonning tegishli hududlarining rasmiy geografik nomlari ro‘yxati keltirilgan”, degan Abdullayeva. 

Qorabog‘ atrofidagi vaziyat haqida  

2020 yil 27 sentyabr kuni Tog‘li Qorabog‘ atrofidagi mojaro hududida vaziyat keskinlashdi va mintaqada faol harbiy harakatlar boshlandi. O‘sha yilning 9 noyabrida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan tomonidan ushbu hududda harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatishga erishish imkonini bergan uch tomonlama bayonot imzolandi.  

2021 yil 11 yanvar kuni uch davlat rahbarlari Moskvada shaxsan yig‘ildi. Muzokaralar samarali bo‘ldi – mintaqada transport-iqtisodiy aloqalarni yo‘lga qo‘yishga e’tibor qaratadigan uch mamlakat bosh vazirlari o‘rinbosarlari darajasida ishchi guruh tuzishga kelishib olindi. 

26 noyabr kuni Sochida Rossiya Prezidenti, Ozarbayjon Prezidenti va Armaniston Bosh vazirining uch tomonlama muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Ularning ishtirokchilari Ozarbayjon-Armaniston chegarasida barqarorlik va xavfsizlik darajasini oshirish choralarini ko‘rishga kelishib oldi. Yerevan va Baku mamlakatlar o‘rtasidagi davlat chegarasini delimitatsiya qilish va keyinchalik demarkatsiya qilish bo‘yicha ikki tomonlama komissiya tuzish ustida ishlamoqchi. Shu bilan birga, Rossiya Federatsiyasi tomonlarning iltimosiga binoan maslahat yordamini ko‘rsatadi. 

Eslatib o‘tamiz, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan joriy yilning 26 noyabr kuni Sochida va 14 dekabr kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlaridan so‘ng Armaniston va butun mintaqa uchun tinch taraqqiyot davrini ochish imkoniyati paydo bo‘lganini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon Qorabog'

Baholaganlar

25

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing