Ozarbayjon TDTga 2 million dollar xayriya qildi
Olam
−
07 Oktabr 4620 2 daqiqa
Ozarbayjon Respublikasi Turkiy davlatlar tashkiloti faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish uchun 2 million AQSH dollari xayriya qildi. Bu haqda bugun, 7 oktyabr kuni Ozarbayjonning Gabala shahrida bo‘lib o‘tayotgan TDT Davlat rahbarlari kengashining 12-sammitida Prezident Ilhom Aliyev ma’lum qildi.
“Bugungi kunda Turkiy Davlatlar Tashkiloti faqat hamkorlik platformasi emas, yirik geosiyosiy markaz sifatida maydonga chiqmoqda. Tashkilotimizning xalqaro miqyosdagi nufuzi ortib borayotgani quvonarli. Birlashgan tarixiy va etnik ildizlarimiz, yagona milliy-ma’naviy qadriyatlarimiz bizni bir oiladek birlashtiradi.
Tashkilot faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida mamlakatimiz kotibiyat hisobiga 2 million dollar xayriya qildi”, deydi Ilhom Aliyev.
Uning qayd etishicha, ichki siyosiy va iqtisodiy barqarorlik, asosiy geostrategik joylashuvi, ijobiy demografik vaziyat va yosh aholi, transport va logistika sohasida katta imkoniyatlar, tabiiy resurslar, o‘sib borayotgan mudofaa va harbiy-texnik salohiyat TJTni jahon miqyosida muhim o‘yinchiga aylantiradi.

Aliyev Turkiy dunyoda harbiy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalasiga alohida to‘xtaldi.
“Ma’lumki, xavfsizlikni ta’minlamay turib taraqqiyotni amalga oshirish mumkin emas. Xalqaro huquq norma va tamoyillari qo‘pol ravishda buzilayotgan bir paytda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi harbiy va harbiy-texnikaviy sohalardagi hamkorlik hal qiluvchi omil bo‘lmoqda. Bu doirada ittifoqdoshimiz Turkiya bilan chuqur hamkorlik o‘rnatdik. Birgina o‘tgan yilning o‘zida Turkiya bilan 25 dan ortiq ikki tomonlama va ko‘p millatli harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Mamlakatlarimiz o‘rtasida harbiy, mudofaa va xavfsizlik sohalaridagi keng ko‘lamli hamkorlikni hisobga olib, Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlarning 2026 yilda Ozarbayjonda qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarini o‘tkazishni taklif qilaman”, deydi Aliyev.
Uning urg‘ulashicha, bugungi dunyoda harbiy qudrat har qanday davlatning mustaqilligi va hududiy yaxlitligining asosiy omili hisoblanadi.
Gabalada o‘tayotgan Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining 12-sammitida a’zo davlatlar Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkiya va Ozarbayjon Prezidentlari Qosim-Jomart To‘qayev, Sadir Japarov, Shavkat Mirziyoyev, Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Ilhom Aliyev kuzatuvchi davlatlardan Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban, Turkmaniston Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi prezidenti Ersin Tatar ishtirok etmoqda.
Live
Barchasi