Turkiy dunyo rahbarlari birinchi marta Yevropada to‘plandi
Jamiyat
−
21 may 7231 2 daqiqa
Bugun, 21 may kuni Budapesht shahrida Turkiy Davlatlar Tashkilotiga a’zo davlatlar Prezidentlari va hukumat rahbarlarining norasmiy sammiti bo‘lib o‘tdi. Sammitga Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban mezbonlik qildi. Uchrashuvda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va TDT Bosh kotibi Kubanichbek O‘muraliyev ishtirok etdi.
Yig‘inda tashkilotda kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lgan yana ikki davlat – Turkmaniston va Shimoliy Kipr Turk Respublikasidan rasmiylar ishtirok etmadi.

“Sharq va G‘arbning uchrashish nuqtasi” mavzusida tashkil etilgan norasmiy sammit davlat rahbarlariga o‘zlarining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash, umumiy mintaqaviy va global muammolar yuzasidan fikr almashish uchun muhim imkoniyat yaratdi.
Davlat rahbarlari kengashi tomonidan quyidagi hujjatlar imzolandi va qabul qilindi:
• Turkiy davlatlar tashkiloti norasmiy sammitining Budapesht deklaratsiyasi;
• “O‘zbekiston Respublikasining Turk madaniyati va merosi jamg‘armasidagi ishtiroki to‘g‘risida”gi qaror;
• TDT Bosh kotibining vakolat muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi qaror;
• Davlat rahbarlari kengashining Afg‘oniston bo‘yicha bayonoti.

Tashqi ishlar vazirlari kengashi tomonidan quyidagi hujjatlar imzolandi va qabul qilindi:
• “Turkiy davlatlar tashkilotining Vengriya vakolatxonasi ijrochi direktorini tayinlash to‘g‘risida”gi qaror;
• “Shimoliy Kipr Turk Respublikasiga Turk akademiyasida kuzatuvchi maqomini berish” qarori.
Sammit doirasida taqdirlash marosimi ham uyushtirildi va Nobel mukofoti sovrindori turk molekulyar biolog Professor Aziz Sanjarga Turkiy Davlatlar Tashkiloti tomonidan Turkiy dunyo birligiga qo‘shgan hissasi uchun “Alisher Navoiy xalqaro mukofoti” topshirildi.

Sammit doirasida Vengriya davlat operasida davlat va hukumat rahbarlari sharafiga madaniy dastur ham bo‘lib o‘tdi.
Budapesht norasmiy sammiti TDTning kuzatuvchi a’zosi hududida o‘tkaziladigan birinchi sammitdir.
Sammit yakunlari bo‘yicha TDT Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev va Vengriya Tashqi ishlar va tashqi savdo vaziri Peter Siyyarto qo‘shma matbuot anjumani o‘tkazib, sammit yakunlari va TDT Davlat rahbarlari tomonidan qabul qilingan qarorlar haqida keng qamrovli ma’lumot berdi.
Live
Barchasi