Turkiy davlatlar raqobat kengashi tuzildi. Uning birinchi yig‘ilishi Qorabog‘da bo‘ladi
Olam
−
24 yanvar
3786Kecha, 23 yanvar kuni Turkiyaning Istanbul shahridagi Chirog‘on saroyida Turkiy Davlatlar Tashkiloti (TDT) Bosh kotibi o‘rinbosari Merey Mukajan, Raqobat idorasi raisi Birol Kule, Raqobat boshqarmasining Tashqi aloqalar va raqobat targ‘iboti boshqarmasi boshlig‘i Zeynep Madan hamda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, O‘zbekiston, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi va Vengriya delegatsiyalari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Milliyet” sayti ma’lum qildi.
Yig‘ilishda a’zo davlatlarning raqobat organlari rahbarlari o‘z loyihalarini taqdim etib, kengashdan kutayotgan maqsadlarini bildirgan.
Turkiya Savdo vaziri O‘mer Bolat Turkiy davlatlar raqobat kengashining birinchi yig‘ilishida so‘zlagan nutqida a’zo davlatlarning umumiy milliy daromadi 1,5 trillion dollar ekanini ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, dunyo bozoriga eltuvchi eng muhim yo‘lak turkiy davlatlar hududidan o‘tadi. Bu o‘z navbatida savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun katta imkoniyatlarni yaratadi.
“So‘nggi yillarda turkiy davlatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi sezilarli darajada oshdi – 2022 yildagi 33 milliard dollardan 2023 yilda 42 milliard dollarga oshdi”, degan vazir.
Shuningdek, anjumanda kengash faoliyat doirasini belgilovchi tartib va tamoyillardan iborat yo‘l xaritasi kelishib olinib, imzolash marosimi va matbuot anjumani bilan Turk davlatlari raqobat kengashining tashkil etilishi e’lon qilindi.
Bildirilishicha, Turkiya tashkilotga dastlabki uch yil raislik qiladi. Turk davlatlari raqobat kengashining navbatdagi yig‘ilishining Ozarbayjon raqobat organi mezbonligida ishg‘oldan ozod qilingan Qorabog‘ mintaqasidagi Shusha shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
“Turkiy davlatlar raqobat kengashi a’zo davlatlar o‘rtasida mushtarak tarixiy, til va madaniy meros bilan bog‘liq aloqalarni mustahkamlash, raqobat qonunchiligi bilan bog‘liq muammolarni tushunish va hal qilish, shu bilan mintaqada raqobat madaniyatini shakllantirish uchun qo‘shma tadqiqotlar, tashriflar va o‘quv faoliyatini amalga oshirish, loyihalar ishlab chiqish, bilim va tajriba almashishni maqsad qilgan”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning noyabr oyida Turkiy davlatlar o‘rtasidagi savdo hajmi yiliga 42 milliard dollarga yetgani haqida ma’lum qilgan edik.
LiveBarchasi